Samarqandning tarixiy merosi haqida Eron diplomatlari tarqatgan ma’lumotlar O‘zbekistonning rasmiy e’tiroziga sabab bo‘ldi. Toshkent Erondan bahsli materiallarni ijtimoiy tarmoqlardan olib tashlashni talab qildi.
23 oktyabr kuni Eronning O‘zbekistondagi elchisi Muhammad Ali Iskandariy Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirilib, unga norozilik notasi topshirildi.
Diplomatik kelishmovchilik AQSh davlat kotibi Marko Rubioning Samarqandga tashrifidan keyin boshlangan. Eronning Armaniston, Zimbabve va Bolgariyadagi diplomatik vakolatxonalari X ijtimoiy tarmog‘ida Registon maydoniga oid materiallar tarqatib, shaharning me’moriy merosini fors va Eron-islom sivilizasiyasi bilan bog‘lagan.
O‘zbekiston TIV mazkur chiqishlarni Samarqand tarixini biryoqlama va siyosiy maqsadlarda talqin qilish sifatida baholadi.
Vazirlik Samarqand, Buxoro, Xiva va mamlakatning boshqa qadimiy shaharlari merosi asrlar davomida turli madaniy ta’sirlar asosida shakllanganini ta’kidladi. Shuningdek, Samarqandning tarixiy qiyofasi o‘zbek xalqining davlatchilik an’analari va ko‘p asrlik madaniy taraqqiyotini aks ettirishi qayd qilindi.
O‘zbekiston tomoni Eron diplomatik vakolatxonalaridan tegishli postlarni o‘chirish hamda kelgusida shunga o‘xshash holatlarga yo‘l qo‘ymaslikni so‘radi.
TIV ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va ishonchga asoslangan munosabatlarni qadrlashini, biroq milliy tarixiy-madaniy meros masalasida qat’iy pozisiyasini saqlab qolishini bildirdi.