Toshkent shahrining Uchtepa tumanida tungi yong‘in oqibatida bir nafar fuqaro hayotdan ko‘z yumdi. Hodisa yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tekshiruv harakatlari boshlangan.
Poytaxt Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, 24 oktyabr kuni soat 01:33 da Yusuf Sakkokiy ko‘chasidagi ko‘p qavatli turar joy majmuasida joylashgan xonadonlardan birida yong‘in kelib chiqqan.
Xabar kelib tushgach, qutqaruvchilar voqea joyiga yetib borgan va soat 01:52 da olovni to‘liq o‘chirishga muvaffaq bo‘lgan.
Yong‘in natijasida xonadondagi uy-ro‘zg‘or buyumlari zararlangan. Olov bartaraf etilganidan keyin bino ichidan bir nafar fuqaroning jasadi aniqlangan.
Ayni paytda mas’ul idoralar yong‘inning kelib chiqish sabablari va hodisa tafsilotlarini o‘rganmoqda. Qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida surishtiruv ishlari olib borilmoqda.