2026 yil 18–20 sentyabr kunlari Bokuda Turk dunyosi bastakorlarining Birinchi Qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, O‘zbekiston, Turkmaniston va Vengriya davlatlarining yetakchi bastakorlari, musiqashunoslari, ijrochilari hamda musiqa muassasalari rahbarlarini birlashtirgan o‘z miqyosidagi ilk xalqaro tadbir bo‘ldi.
Qurultoyning asosiy tarixiy natijasi **Turk dunyosi Bastakorlar uyushmasi (TUC)**ning tashkil etilishi bo‘ldi. Yangi xalqaro professional platformaning tashkil etilishi Boku deklarasiyasining imzolanishi orqali rasmiylashtirildi.
TUC Turk dunyosidagi milliy kompozitorlik maktablari, konservatoriyalar, musiqa akademiyalari, ijodiy uyushmalar va ijrochi jamoalar o‘rtasidagi uzluksiz hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.
Qurultoy yakunlari asosida qabul qilingan Boku deklarasiyasida kelgusidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari belgilab berildi. Ular qatoriga xalqaro musiqiy loyihalarni amalga oshirish, yangi asarlar yaratish, festivallar, tanlovlar va bastakorlar rezidensiyalarini tashkil etish, **«Turk dunyosi zamonaviy musiqasi antologiyasi»**ni nashr qilish hamda musiqiy notalar raqamli kutubxonasini tashkil etish kiradi.
Uzoq muddatli muhim tashabbuslardan biri Turk dunyosi yoshlar simfonik orkestrini tashkil etishdan iborat. Mazkur orkestr iqtidorli yosh ijrochilarni birlashtirib, zamonaviy turkiy musiqani xalqaro konsert maydonlarida namoyish etishga xizmat qiladi.
Qurultoyni muntazam ravishda navbatma-navbat turli shaharlarda o‘tkazish rejalashtirilgan. Bokudan keyin musiqiy estafeta Olmaota, Bishkek, Istanbul, Toshkent, Ashxobod va Budapesht shaharlariga o‘tadi. Shu tariqa Bokuda tashkil etilgan platforma barqaror xalqaro tashabbus sifatida rivojlanishda davom etadi.
Qurultoy dasturidan ta’sis yig‘ilishi va yalpi majlis, xalqaro professional munozaralar, mavzuli ko‘rgazmalar, shuningdek, simfonik, kamer va an’anaviy musiqa konsertlari o‘rin oldi. Turk dunyosining atoqli va zamonaviy bastakorlari asarlari yetakchi ijrochi jamoalar hamda yakkaxon ijrochilar tomonidan namoyish etildi.
Birinchi Qurultoy XVIII Uzeir Hojibeyli xalqaro musiqa festivali doirasida o‘tkazilib, Birinchi Boku turkologiya quriltoyining 100 yilligiga, Nizomiy Ganjaviyning 885 yilligiga hamda Alisher Navoiyning 585 yilligiga bag‘ishlandi.
Turk madaniyati va merosi jamg‘armasi prezidenti, professor Aktoti Raimqulovaning ta’kidlashicha:
«Birinchi Qurultoy va Turk dunyosi Bastakorlar uyushmasining (TUC) Bokuda tashkil etilgani chuqur ramziy ahamiyatga ega. Ozarbayjon o‘zining yuksak kompozitorlik maktabi va boy musiqiy an’analari bilan Turk dunyosining ijodiy salohiyatini birlashtirish hamda uni jahon auditoriyasiga taqdim etishga qaratilgan yangi xalqaro platformaga asos soldi».
Loyiha Ozarbayjon Respublikasi Madaniyat vazirligi va Turk madaniyati va merosi jamg‘armasi tomonidan Boku shahridagi ICESCO mintaqaviy ofisi, Ozarbayjon Bastakorlar uyushmasi hamda Ozarbayjon Milliy konservatoriyasi hamkorligida amalga oshirildi.
Birinchi Qurultoy o‘z ishini yakunladi, biroq uning eng muhim merosi endigina o‘z yo‘lini boshlamoqda. Bokuda tashkil etilgan TUC xalqaro platformasi turkiy xalqlarning mushtarak musiqiy merosini yangi asarlar, professional hamkorlik va jahon bilan madaniy muloqot manbaiga aylantirishga xizmat qilishi ko‘zda tutilgan.