Bugun 26 avgust, 2026 yil, chorshanba

КИР

Maktab bitiruvchilarining oliy ta’limga kirish test sinovlaridagi sifat ko‘rsatkichlari 11 ballga oshdi

Maktab bitiruvchilarining oliy ta’limga kirish test sinovlaridagi sifat ko‘rsatkichlari 11 ballga oshdi

2026 yilda oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlarida eng yuqori — 189 ballni olgan maktab bitiruvchilari soni 4 825 nafarni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilgi 619 nafar ko‘rsatkichga nisbatan qariyb 8 barobar ko‘p.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi taqdim etgan infografikaga ko‘ra, 2024 yilda test sinovlarida 189 ball olgan bitiruvchilar soni 101 nafar bo‘lgan. 2025 yilda esa bu ko‘rsatkich 619 nafarga yetgan.

Shuningdek, 2026 yilda bitiruvchilarning oliy ta’limga kirish test sinovlaridagi o‘rtacha natijasi 92,5 ballni tashkil etdi. Bu 2025 yildagi 80,9 ballga nisbatan 11,6 ball yuqori.

Hududlar kesimida test sinovlaridagi o‘rtacha eng yuqori natija Navoiy viloyatida qayd etilgan — 112,8 ball. Keyingi o‘rinlarda Buxoro viloyati — 110,8 ball, Qoraqalpog‘iston Respublikasi — 94,8 ball, Farg‘ona viloyati — 94,7 ball va Toshkent shahri — 94 ball bilan qayd etilgan.

Davlat oliy ta’lim muassasalariga qabul qilingan maktab bitiruvchilari ulushi ham so‘nggi yillarda oshgan. 2022 yilda bu ko‘rsatkich 22,3 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2026 yilda 27,4 foizga yetdi.

2026 yilda 454 833 nafar bitiruvchi maktabni tamomlagan. Ularning 333 463 nafari, ya’ni 73 foizi, oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlarida ishtirok etgan.

Joriy yilda 34 681 nafar bitiruvchi davlat granti asosida o‘qishga tavsiya etildi. Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 4 800 nafarga ko‘p.

Shu bilan birga, 56,7 balldan past natija ko‘rsatgan bitiruvchilar soni o‘tgan yilga nisbatan 5 foizga, ya’ni 13 ming nafarga kamaygan.

Oliy ta’limga kirish bo‘yicha davlat muassasalariga qabul ko‘rsatkichi eng yuqori hududlar qatorida Navoiy viloyati 52,5 foiz bilan birinchi o‘rinni egallagan. Buxoro viloyatida bu ko‘rsatkich 37,9 foiz, Jizzax viloyatida esa 35,9 foizni tashkil etgan.

Kiritildi: 16:36 25.08.2026. O'qildi: 859 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!