O‘zbekistonda so‘nggi kunlarda kuzatilgan salqin va yog‘ingarchili ob-havo o‘rnini iliq kunlar egallaydi. 14–15 noyabrda mamlakatning aksariyat hududlarida yog‘ingarchilik kutilmayapti.
O‘zgidromet ma’lumotiga ko‘ra, shanba va yakshanba kunlari havo harorati asta-sekin ko‘tarilib, kunduzi 10–15 daraja iliq bo‘ladi. Tungi soatlarda esa harorat 0–5 daraja iliq atrofida saqlanadi.
Biroq 13 noyabr kuni ayrim hududlarda beqaror ob-havo davom etadi. Xususan, tog‘ oldi va tog‘li joylarda yomg‘ir hamda qor yog‘ishi, ba’zi hududlarda yog‘ingarchilik kuchli bo‘lishi mumkin.
Poytaxtda ham juma kuni vaqti-vaqti bilan yomg‘ir kuzatiladi. Dam olish kunlarida esa Toshkentda havo ochilib, harorat kunduzi 13–15 darajagacha ko‘tariladi.
Shu bilan birga, respublikaning ayrim joylarida kechasi va ertalab tuman tushishi ehtimoli bor.
Mutaxassislar prognoziga ko‘ra, shamol asosan sharqdan sekundiga 7–12 metr tezlikda esadi. 13 noyabrda janubiy hududlarning ayrim joylarida uning tezligi 13–18 metrgacha kuchayishi mumkin.