«Barselona», «Yuventus», PSJ klublari va Braziliya terma jamoasining sobiq himoyachisi Dani Alves to‘qqiz yillik turmushidan so‘ng rafiqasi Joana Sans bilan ajrashmoqda.
Bu haqda jurnalist Xavi Oyos ayol bilan suhbatlashganidan so‘ng o‘zining ijtimoiy tarmoqlarida ma’lum qilgan.
Juftlik 2017 yilda turmush qurgan. 2025 yil oktyabr oyida ularning Xuleta ismli qizi dunyoga kelgan. Oyosning ma’lumotlariga ko‘ra, ajrashish tashabbusi Joana Sans tomonidan bildirilgan. Bunga 43 yoshli braziliyalik futbolchining dinga berilib ketgani va oilasiga e’tibor qaratishni to‘xtatgani sabab bo‘lgan.
«Joana Sans va Dani Alves hozirda ajrashish jarayonini rasmiylashtirmoqda. Bu ma’lumotni olgach, Joana bilan bog‘landim va u menga buning sabablarini tushuntirdi. So‘nggi vaqtlarda barchamiz Dani Alvesning voiz sifatida namoyon bo‘layotgan videolarini ko‘rdik. Ma’lum bo‘lishicha, u hozirda voiz va yevangelik e’tiqodi haqida ma’ruzalar qiluvchi notiq sifatida dunyo bo‘ylab safar qilmoqda. Joananing tushuntirishicha, bu uning o‘zi va qizidan uzoqlashishiga olib kelgan. Endi esa u o‘zini yolg‘iz his qilmoqda», — dedi jurnalist.