Rossiya dizel yoqilg‘isini AQShga olib ketayotgan uchinchi tanker ham o‘z yo‘nalishini o‘zgartirdi. Donald Tramp va Vladimir Putin o‘rtasidagi kelishuv doirasida AQShga yo‘l olgan Agioi Fanendes kemasi taxminan 300 ming barrel dizel yoqilg‘isi tashiyotgan edi. U Amerika qirg‘oqlaridan qariyb 640 kilometr uzoqlikda orqaga qaytgan. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.
Avvalroq yana ikki tanker AQShga borishdan voz kechgan edi. Talisman O‘rta yer dengizi tomon, Leruo esa Braziliyaga yo‘l olgan.
Kpler va MarineTraffic ma’lumotlariga ko‘ra, oktyabr oyida Rossiya portlaridan chiqqan uchala kema ham endi AQShga qarab harakatlanmayapti.
Tramp Kongressga oraliq saylovlar oldidan yoqilg‘i narxini pasaytirish maqsadida Rossiyadan 1,8 million tonna dizel import qilishni va’da qilgan edi. Biroq kelishuv Ukraina va Yevropa davlatlarida tanqidlarga sabab bo‘ldi, shuningdek, AQShning o‘zida ham qarshilikka uchradi.
Nyu-Jersi gubernatori Miki Sherrill shtat portlarida Rossiya yoqilg‘isini tushirishni taqiqlab, cheklovlar buzilgan taqdirda sanksiyalar qo‘llanilishi haqida ogohlantirdi.
Moskva esa kelishuv o‘z kuchida qolganini bildirmoqda. Vladimir Putinning maxsus vakili Kirill Dmitriyev tankerlar yo‘nalishi o‘zgargani haqidagi xabarlarni yolg‘on deb atadi.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa Rossiya yoqilg‘isi «o‘z xaridorlarini topadi», deb ta’kidladi.