2026 yilning yanvar–avgust oylarida O‘zbekistonga 9,1 million xorijiy sayyoh tashrif buyurdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 21,1 foizga ko‘p. Bu haqda Turizm qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Yilning dastlabki yetti oyida mamlakatga 7,7 million sayyoh kelgan bo‘lsa, avgust oyining o‘zida yana 1,4 millionga yaqin xorijlik O‘zbekistonga tashrif buyurgan.
Ayrim davlatlardan turistlar oqimi yanada yuqori sur’atda o‘sdi. Xususan, Xitoydan tashriflar 2,3 barobar, Malayziyadan 2 barobar, Yaponiyadan 1,5 barobar, AQShdan 1,4 barobar va Rossiyadan 1,3 barobar ko‘paydi.
Evropa davlatlaridan ham ijobiy dinamika qayd etildi. Germaniyadan kelgan sayyohlar soni 25 foizga, Fransiya va Buyuk Britaniyadan 21 foizga, Turkiyadan esa 15 foizga oshdi.
Shu bilan birga, turistik xizmatlar eksporti 4,6 milliard dollarga yetdi. Bu 2025 yilning shu davriga nisbatan 53,5 foizga yuqori.