▪️Markaziy bankning 2025 yil uchun moliyaviy ommaboplik indekslari bo‘yicha hisobotiga ko‘ra, O‘zbekistonda qarz oluvchilarning 29%i bir vaqtning o‘zida bir nechta kreditga ega. Har bir mijozga o‘rtacha 1,7 ta kredit to‘g‘ri kelmoqda.
Hisobotga ko‘ra, katta yoshli aholining 20%ida banklarda, yana 7%ida mikromoliya tashkilotlarida amaldagi kredit hisobvarag‘i mavjud.
▪️Aholi kreditlari bo‘yicha muammoli qarzlar ulushi 3%ni tashkil etmoqda. Markaziy bank ushbu qarzlarni qoplash uchun bank tizimida yetarli zaxiralar shakllantirilganini qayd etgan.
Regulyator kreditlashda faqat ajratilgan mablag‘ hajmi emas, balki kredit qiymati, shartlarning shaffofligi, to‘lov grafigining mijoz imkoniyatiga mosligi va ortiqcha qarz yuki yuzaga kelmasligi ham muhim ekanini ta’kidlamoqda.
▪️Hisobotda jamg‘arish bo‘yicha ham sezilarli tafovut qayd etilgan. Qishloqda yashovchi katta yoshli aholining atigi 1%i jamg‘arma yoki muddatli hisobvaraqqa ega. Mamlakat bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich esa 4%ni tashkil etadi.
Qarz oluvchilarning qariyb uchdan biri bir nechta kreditdan foydalanayotgani chakana kreditlash bozori faolligini ko‘rsatadi, biroq bu bilan birga aholining qarz yukini baholash masalasini ham dolzarblashtiradi. Ayniqsa, bir mijozga o‘rtacha 1,7 ta kredit to‘g‘ri kelayotgan sharoitda banklar uchun qarz oluvchining umumiy majburiyatlarini to‘g‘ri baholash va mas’uliyatli kreditlash tamoyillariga rioya qilish tobora muhim ahamiyat kasb etadi.