Poytaxtdagi bozor va savdo komplekslarining moliyaviy holati, mol-mulki hamda mavjud muammolari o‘rganiladi. Bu ishlar Toshkentni 2026–2027 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish choralari doirasida amalga oshirilishi ma’lum qilindi.
Xatlovda bino va inshootlarning kadastr hujjatlari, mol-mulk va mulkdorlar ro‘yxati, hududlar chegaralari, muhofaza zonalari hamda mavjud cheklovlar o‘rganiladi. Soliq, majburiy to‘lovlar va boshqa qarzdorliklar ham tahlil qilinadi.
Bozor va savdo komplekslari hududidagi noqonuniy qurilishlar aniqlanib, ularni bartaraf etish choralari ko‘riladi.
Natijalar asosida aktivlardan samarali foydalanish, jumladan, tegishli boshqaruv organlari qarorlariga muvofiq ommaviy savdolarga chiqarish bo‘yicha takliflar tayyorlanadi.
Ishlarda Kadastr agentligining Toshkent shahar boshqarmasi, tuman hokimliklari, soliq organlari, Munisipal aktivlarni boshqarish markazi va «Toshkent Invest kompaniyasi» AJ ishtirok etadi.