2026-yil 26-dekabrdan Toshkent — Mavrikiy yo‘nalishida ilk bor to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi. Shu munosabat bilan Toshkentdagi “Hyatt Regency” mehmonxonasida O‘zbekiston va Mavrikiy turizm tadbirkorlarining ikki tomonlama ochiq muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Muloqot O‘zbekistonning “Prestige Travel” kompaniyasi tashabbusi bilan Turizm qo‘mitasi hamkorligida tashkil etildi. Unda Mavrikiyning yetakchi turizm kompaniyalari va mehmonxona brendlari vakillari hamda mahalliy turoperatorlar ishtirok etib, ikki tomonlama turistik loyihalarni ishga tushirish va hamkorlik aloqalarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Rejaga ko‘ra, dastlabki bosqichda 26-dekabr va yanvar oylarida jami 4 ta Toshkent — Mavrikiy — Toshkent qatnovi amalga oshiriladi. 2027-yil iyunidan esa ushbu yo‘nalish bo‘yicha haftasiga bir marta muntazam reyslar yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.
Yangi yo‘nalish O‘zbekiston turizmi uchun Afrika qit’asida yangi bozor ochishdan tashqari, Toshkentning Markaziy Osiyo va MDH mamlakatlaridan Mavrikiyga yo‘lovchilar oqimini yo‘naltiruvchi tranzit markazi sifatidagi salohiyatini oshiradi. Kelgusida Qozog‘iston, Rossiya va boshqa MDH davlatlari sayyohlari Toshkent orqali Mavrikiyga uchishlari mumkin bo‘ladi.