Erling Xoland Ispaniyaning La Liga grandi klublari bilan bog‘lanishda davom etmoqda. «Manchester Siti»ning moliyaviy qoidabuzarliklar uchun jazolanish ehtimoli norvegiyalik hujumchining yozgi transfer oynasida Ispaniyaga ko‘chib o‘tishi mumkinligi haqidagi mish-mishlarni yanada kuchaytirdi.
El Nacional nashri xabar berishicha, Xoland «Real» va «Barselona» variantlarining har ikkisiga ham ochiq. Biroq futbolchining muhim bir talabi bor: u qaysi klubga o‘tmasin, shartnomasida tovon puli evaziga transferni amalga oshirish imkonini beruvchi band bo‘lishini istaydi.
Hujumchi o‘z kelajagini mustaqil boshqarishni va zarur paytda faoliyatida yangi sahifa ochish imkoniyatiga ega bo‘lishni xohlaydi. Shartnomada ko‘rsatiladigan tovon puli miqdori yuqori, biroq amalga oshirish mumkin bo‘lgan darajada bo‘lishi kerak.
Qayd etilishicha, Xolandning agenti Rafaela Pimenta ham shunday yondashuvni qo‘llab-quvvatlaydi.
«Uning uchun eng muhim jihat — uzoq muddatli shartnoma futbolchini faoliyatini mustaqil boshqarish imkoniyatidan mahrum qilmasligidir. Futbolchi keyingi bosqichga o‘tish vaqti kelganini his qilsa, bunday imkoniyatga ega bo‘lishi kerak», — deyiladi xabarda.