Bugun 24 oktyabr, 2026 yil, shanba

КИР

Orolbo‘yida tibbiyot kadrlari malakasini oshirish uchun zamonaviy imkoniyatlar yaratildi

Orolbo‘yida tibbiyot kadrlari malakasini oshirish uchun zamonaviy imkoniyatlar yaratildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston ilmiy-amaliy tibbiyot akademiyasi faoliyati bilan tanishdi.

Aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, avvalo, zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega malakali mutaxassislarga bog‘liq. Shu bois, Qoraqalpog‘istonda shifokorlar va o‘rta tibbiyot xodimlarining malakasini tizimli oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yangi tashkil etilgan akademiya soha xodimlarini xalqaro standartlar va ilg‘or texnologiyalar asosida qayta tayyorlashning tayanch markaziga aylanadi.

Davlatimiz rahbarining 2024 yil 24 dekabrdagi tegishli qaroriga muvofiq, hududdagi tibbiyot muassasalarini xususiy sektor ishtirokida ilm-fan, ta’lim va amaliyotni birlashtirgan yagona innovasion klasterga aylantirish belgilangan.

Ana shu maqsadda 4,6 gektar maydonda umumiy qiymati 154 milliard so‘m bo‘lgan zamonaviy majmua barpo etildi, 80 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Akademiyada yiliga 3 ming nafar shifokor hamda 6 ming 800 nafar o‘rta tibbiyot va farmasevtika xodimi malakasini oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Shuningdek, har yili Orolbo‘yi mintaqasidan 100 nafarga yaqin klinik ordinator tayyorlanadi.
Ularning ta’lim olishi va yashashi uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Uzoq hududlardan keladigan mutaxassislar uchun 72 o‘rinli zamonaviy mehmonxona faoliyat yuritmoqda.

Amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish uchun 18 ta simulyasion xona tashkil etilgan. Ularda 50 dan ortiq yo‘nalish bo‘yicha raqamli va simulyasion ta’lim yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, mutaxassislarni 100 dan ziyod tibbiy amaliyot bo‘yicha xalqaro standartlar asosida tayyorlashga xizmat qiladi.

Muassasa zamonaviy tibbiy texnologiyalar bilan jihozlangan. Xususan, bu yerda Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan “Edge Medical” jarrohlik roboti o‘rnatilgan. U simulyasion o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazish bilan birga real klinik sharoitda masofaviy operasiyalarni yuqori aniqlikda bajarish imkonini beradi.

Akademiya nufuzli xorijiy tibbiyot markazlari va yetakchi universitetlar, jumladan, AQShning Pittsburg hamda Germaniyaning Frayburg universitetlari bilan hamkorlik qilmoqda. Xalqaro o‘quv kurslari va qo‘shma ilmiy tadqiqotlar tashkil etilib, telemedisina va raqamli ta’lim texnologiyalari joriy qilingan.
Davlatimiz rahbari akademiyaning amaliy mashg‘ulot

xonalarini ko‘zdan kechirdi, talabalar va soha xodimlari bilan muloqot qildi.

Kiritildi: 19:05 18.09.2026. O'qildi: 1172 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!