Bugun 7 sentyabr, 2026 yil, dushanba

КИР

FVV Chorvoqda cho‘kib ketgan uch kishini qidirish ishlari haqida ma’lumot berdi

FVV Chorvoqda cho‘kib ketgan uch kishini qidirish ishlari haqida ma’lumot berdi

Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi Chorvoq suv omborida 2 sentyabr kuni cho‘kib ketgan ota va uning ikki o‘g‘lini qidirish ishlari to‘rtinchi kundirki davom etmoqda. Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lum qilishicha, qidiruv ishlariga qutqaruvchilar, g‘avvoslar va maxsus xizmatlar jalb qilingan.

Ma’lum bo‘lishicha, oila a’zolari katerda suv omborida sayr qilgan. Ular cho‘milish taqiqlangan hududda suratga tushish uchun to‘xtab, keyinchalik suvga tushishga qaror qilgan. Qutqaruvchilarning aytishicha, ular cho‘milish paytida qutqaruv jiletlaridan foydalanmagan.

Suvga birinchi bo‘lib o‘g‘illardan biri tushgan va oyog‘i tortishib qolgan. Uni qutqarish uchun otasi suvga sakragan, ortidan ikkinchi o‘g‘li ham tushgan. Natijada uchalasi ham suvga g‘arq bo‘lgan.

Katerda bo‘lgan marhumlarning yaqinlari yordam so‘ragan. Kater haydovchisi ham ularni qutqarish maqsadida suvga tushgan, biroq fuqarolarni olib chiqishning iloji bo‘lmagan.

FVV ma’lumotiga ko‘ra, hozir qidiruv ishlariga beshta qutqaruv otryadi va suvda harakatlanayotgan yettita qutqaruv brigadasi jalb etilgan. Sirdaryo va Jizzax viloyatlaridan ham qo‘shimcha qutqaruv kuchlari chaqirilgan. Hodisa joyida maxsus shtab tashkil etilgan.

Qidiruv ishlari 24 soat davomida olib borilmoqda. Biroq suv omborining katta chuqurligi va hududning kengligi qutqaruvchilar ishini qiyinlashtirmoqda. G‘avvoslar 2–2,5 kilometr radiusdagi hududni tekshirmoqda.

FVV vakillari qidiruv ishlari davom etayotganini va yo‘qolgan fuqarolarni topish uchun barcha zarur kuch va vositalar safarbar qilinganini ma’lum qildi.

Kiritildi: 22:15 06.09.2026. O'qildi: 500 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!