Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish masalasida Polsha va Kiyev o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgani haqidagi xabarlarga Varshava rasmiy munosabat bildirdi.
Polsha Mudofaa vazirligi vakili Yanush Seymey Fakt nashriga bergan izohida mamlakat Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib berishni to‘xtatgani haqidagi ma’lumotlarni haqiqatga zid deb atadi.
Avvalroq Ukraina OAVda Lvov viloyati kengashining qarori sabab Polsha yirik harbiy yordam paketini yuborishni to‘xtatgani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Gap mahalliy deputatlarning 2027 yilni Ukraina qo‘zg‘olonchilar armiyasi (UPA) va uning qo‘mondoni Roman Shuxevich xotirasiga bag‘ishlash to‘g‘risidagi qarori haqida ketmoqda. Mazkur tashabbus Polsha rasmiylarining noroziligiga sabab bo‘lgan.
Varshava ushbu qarorni ilgari surgan Lvov viloyati kengashi deputati Svyatoslav Sheremetaning mamlakatga kirishini cheklash masalasini ham ko‘targan.
Shunga qaramay, Polsha Mudofaa vazirligi Ukrainaga harbiy yordam yetkazib berish to‘xtatilganini tasdiqlamadi.