O‘zbekistonlik taniqli professional bokschi, jahon chempionligi uchun sobiq da’vogar Shohjahon Ergashev qo‘lqopsiz janglarda debyut qildi.
Hamyurtimiz Toshkent shahrida o‘tkazilayotgan IBA Nomad 16 turnirida chiqish qildi.
Qozog‘iston vakili Dastan Bekenga qarshi kechgan 3 raundlik jang to‘liq davom etdi. Ergashev o‘zining debyut bahsida hakamlarning yakdil qarori bilan zafar quchdi.
Ammo jang yakunida ko‘ngilsiz holat yuzaga keldi. Musobaqaning qozog‘istonlik boshlovchisi jangdan so‘ng Shohjahondan avval aytgani kabi raqibini nokautga uchrata olmagani uchun o‘z gonorarini Dastan Bekenga beradimi yoki yo‘q qabilida savol berdi. Shohjahon esa bu masalani Liga bilan kelishib olgani, uning gonorari Dastannikidan bir necha barobar yuqori ekanini aytdi. Shundan keyin jangchilar o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga keldi.