Rossiya milliy terma jamoasining sobiq himoyachisi Vladimir Granat O‘zbekistonga qarshi bo‘lajak o‘rtoqlik uchrashuvi haqida fikr bildirib, raqibning imkoniyatlarini yuqori baholadi.
12 noyabr kuni Toshkentda o‘tkazilishi rejalashtirilgan bahs oldidan Granat O‘zbekistonni Nigeriya bilan bir darajadagi jamoa sifatida ko‘rayotganini aytdi.
«O‘zbekistonni Nigeriya saviyasidagi raqib deyish mumkin. Ular yozda AQShda o‘tgan jahon chempionatida qatnashdi. Qolaversa, bizga qarshi o‘z maydonida o‘ynaydi. Qiziqarli uchrashuv bo‘lishiga umid qilaman», — dedi sobiq futbolchi.
Granat Rossiya terma jamoasining hozirgi holatiga ham to‘xtalib, murabbiylar shtabi O‘zbekistonga qarshi bahs uchun muayyan taktik reja tayyorlaganini ta’kidladi. Uning fikricha, asosiy masala futbolchilar ushbu ko‘rsatmalarni qay darajada bajara olishida.
Shuningdek, rossiyalik mutaxassis O‘zbekiston safida Abduqodir Husanovni alohida e’tirof etdi.
«Avvalo, "Manchester Siti" futbolchisi Husanovga e’tibor qaratish kerak. Rossiya chempionatida o‘ynagan Abbosbek Fayzullayev va Eldor Shomurodovning harakatlarini kuzatish ham qiziq bo‘ladi», — dedi Granat.