Bugun 21 dekabr, 2025 yil, yakshanba

КИР

Ekostiker olish avtomobilning ishlab chiqarilgan yiliga bog‘liq emas

Ekostiker olish avtomobilning ishlab chiqarilgan yiliga bog‘liq emas

Mas’ul mutaxassislar ekostiker berish tartibini bosqichma-bosqich tushuntirib, real avtomobil misolida uning bepul va tezkor amalga oshirilishini ko‘rsatib berishdi.

Toshkent shahridagi “Fayzabod” transport vositalari diagnostika markazida o‘tkazilgan press-turda “Ekologik transport” tizimining amaliy ishlash jarayoni namoyish etildi. Mas’ul mutaxassislar ekostiker berish tartibini bosqichma-bosqich tushuntirib, real avtomobil misolida uning bepul va tezkor amalga oshirilishini ko‘rsatib berishdi.

Atmosfera havosini muhofaza qilish, aholi salomatligini asrash va transport vositalarining atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirish maqsadida O‘zbekistonda “Ekologik transport” tizimi bosqichma-bosqich joriy etilmoqda.

Joriy yilning 19 dekabr kuni Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga qarashli Toshkent shahri Mirobod tumanida joylashgan Fayzabod transport vositalari diagnostika tekshiruvi markazida matbuot va jamoatchilik vakillari uchun press-tur tashkil etildi.

Mazkur tadbir Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 28 noyabrdagi 750-son qarori bilan joriy etilishi belgilangan “Ekologik transport” tizimining mazmun-mohiyati, amaliy ishlash tartibi hamda fuqarolar uchun yaratilayotgan qulayliklarni joyida ko‘rsatish maqsadida o‘tkazildi.

Press-tur davomida mas’ul mutaxassislar tomonidan ekostiker berish jarayoni nazariy va amaliy jihatdan bosqichma-bosqich tushuntirildi. Jurnalistlar va blogerlarga diagnostika tekshiruvi qanday o‘tkazilishi, ekologik toifa qanday aniqlanishi va ekostiker qanday berilishi amalda ko‘rsatib berildi.

Xususan, tadbir doirasida 1996 yilda ishlab chiqarilgan avtomobil diagnostika tekshiruvidan o‘tkazilib, unga “yashil” ekologik ekostiker berildi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ekostiker berish transport vositasining ishlab chiqarilgan yiliga bog‘liq emas. Asosiy mezon — avtomobilning ekologik sinfi (“Yevro” standarti) va uning texnik holatining amaldagi ekologik talablarga mosligi hisoblanadi.

Shu bilan birga, mas’ullar 1986 yil 1 oktyabrgacha ishlab chiqarilgan avtomobillar “yashil” ekologik toifaga kiritilmasligini alohida qayd etishdi.

Mutaxassislar ekostiker olish jarayoni hech qanday mablag‘ talab qilmasligi, barcha xizmatlar bepul ekanini hamda butun jarayon o‘rtacha 2 daqiqa ichida amalga oshirilishini amalda namoyish etib berishdi.

Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati matbuot kotibi Zoyir Yo‘ldoshevning ta’kidlashicha:

“Avtotransport vositalaridan chiqadigan zararli gazlar atmosfera havosiga, qolaversa inson salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shuning uchun 2026 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekistonda ekologik ekostikerlar tizimi to‘liq joriy etiladi. Ekostikerlar transport vositalariga birinchi marta diagnostik tekshiruvdan o‘tkazish va ekologik stiker berish alohida to‘lov undirilmasdan Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati bo‘linmalarida Ichki ishlar vazirligining «Innovasiya loyihalari va aholiga servis xizmatlari ko‘rsatish markazi» davlat unitar korxonasi tomonidan amalga oshiriladi.
Elektromobillar, shuningdek, motosikl, moped, skuter kabi transport vositalari uchun ekostiker talab etilmaydi.”
Gibrid avtomobillar, muqobil yoqilg‘i turlarida (siqilgan va suyultirilgan gaz bundan mustasno) harakatlanuvchi transport vositalari hamda ishlab chiqarilganiga uch yildan oshmagan transport vositalari — «toza» ekologik toifaga ajratiladi.

Davlat ekologik ekspertiza markazi bosh direktori maslahatchisi Islom Xushvaqtov esa mazkur qaror orqali ikki muhim mexanizm joriy etilayotganini ta’kidladi:

“Birinchi mexanizm — transport vositalarini ekologik toifalarga ajratish va ekostiker berish tartibi. Ikkinchisi — shaharlarda ekologik zonalarni belgilash. Fuqarolar sariq yoki qizil ekostiker olgan taqdirda, transport vositasini qayta diagnostikadan o‘tkazib, ekologik toifasini yaxshilash huquqiga ega.”
Mazkur tadbirda ma’lum qilinishicha, ekologik zonalar shaharlarning havosi eng ko‘p ifloslangan hududlarida joriy etiladi. Ularning chegaralari xalq deputatlari mahalliy Kengashlari tomonidan Ekologiya qo‘mitasi taklifi asosida belgilanadi.
Sariq va qizil ekostikerga ega transport vositalari belgilangan ekologik zonalarda harakatlanishi mumkin bo‘lgan hududlar doirasida cheklanishi mumkin. Bu jarayonlar bo‘yicha nazorat mexanizmlari bosqichma-bosqich ishlab chiqilayotgani ham ta’kidlandi.

Mutaxassislar qayd etishicha, mamlakatimizda atmosfera havosining ifloslanishi nafas yo‘llari va allergik kasalliklar ko‘payishiga olib kelmoqda. Shu bois “Ekologik transport” tizimi nafaqat ekologik, balki ijtimoiy ahamiyatga am ega.

“Ekologik transport” tizimi:

  • 2025–2027 yillarda — Toshkent shahrida,
  • 2028–2030 yillarda — Nukus shahri va viloyat markazlarida,
  • 2031–2034 yillarda — mamlakatning barcha hududlarida joriy etilishi rejalashtirilgan.

Fayzabod diagnostika markazida o‘tkazilgan mazkur press-tur “Ekologik transport” tizimining amalda qanday ishlayotganini jamoatchilikka ochiq va aniq ko‘rsatib berdi. Ekostikerlashtirish orqali transport vositalarining atrof-muhitga ta’sirini nazorat qilish, shaharlar havosini tozalash va aholi salomatligini muhofaza qilish yo‘lida muhim qadam qo‘yilmoqda.

Kiritildi: Bugun 13:07. O'qildi: 198 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!