Bugun 21 dekabr, 2025 yil, yakshanba

КИР

Braziliya sobiq prezidenti qamoqdan chiqarildi

Braziliya sobiq prezidenti qamoqdan chiqarildi

Braziliya Oliy sudi sudyasi Aleksandr de Moraes 19 dekabr kuni mamlakat sobiq prezidenti Jair Bolsonaroni qamoqdan vaqtincha chiqarishga buyruq berdi. Bunga sobiq yetakchida aniqlangan churra sabab bo‘ldi. Ta’kidlanishicha, u jarrohlik amaliyotini o‘tkazishiga to‘g‘ri keladi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Hozirda Braziliya poytaxtidagi Federal polisiya boshqarmasida 27 yillik qamoq jazosini o‘tayotgan Bolsonaroning himoyachilari o‘tgan haftada tegishli so‘rov bilan sudga murojaat qilgan edi. Biroq sudya Moraes uy qamog‘i haqidagi iltimosni rad etgan. Jarrohlik amaliyoti sanasi aniq belgilanmagan bo‘lib, uni advokatlar belgilashi kutilmoqda.

“Sudlanuvchi shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatiladigan xususiy shifoxonaga juda yaqin joyda saqlanmoqda. Shuning uchun zarurat tug‘ilganda uni tezkor kasalxonaga olib borish kerak bo‘lganida hech qanday muammo yuzaga kelmaydi”, deyiladi sudya qarorida.

Federal polisiya shifokorlari 17 dekabr kuni Bolsonaroni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, uning salomatligi bo‘yicha xulosa bergan edi. 19 dekabr kuni e’lon qilingan yakuniy hisobotda sobiq prezidentda aniqlangan chov churrasini jarrohlik yo‘li bilan davolash tavsiya etilgan.

“Garchi jarrohliksiz davolashning xavfsiz imkoniyatlari mavjud bo‘lsa-da, mutaxassislar bunday tashxis qo‘yilganda operasiya o‘tkazishni maslahat berishadi”, deyiladi polisiya xulosasida.

70 yoshga yaqinlashib qolgan sobiq davlat rahbari 2018-yilgi saylovoldi kampaniyasi paytida qorniga pichoq bilan berilgan zarbadan so‘ng bir necha bor shifoxonaga yotqizilgan va bir qator murakkab operasiyalarni boshidan o‘tkazgan.

Kiritildi: 23:57 20.12.2025. O'qildi: 269 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!