Rossiya rasmiylari Yevropa Ittifoqining Ukrainaga yangi yordam ajratish haqidagi qarorini ochiq-oydin masxara bilan qarshi oldi. YEI Kiyevga 90 milliard yevro miqdorida kredit ajratishga rozi bo‘ldi, biroq muzlatilgan Rossiya aktivlarini musodara qilishdan bosh tortdi. Moskvada bu holat o‘zlarining g‘alabasi va «EIdagi urush qo‘zg‘atuvchilarning mag‘lubiyati» sifatida talqin qilinmoqda.
«Belgiya, Vengriya, Chexiya va Slovakiya mulk huquqlarini, shuningdek Yevropaning moliyaviy va huquqiy tizimini himoya qildi va YEIni investorlar chiqib ketishidan saqlab qoldi. Ular noqonuniy harakatlarni ilgari surgan, siyosiy kapitalni sarflagan, ammo muvaffaqiyatsizlikka uchragan YEIning jangovar kayfiyatdagi elitalari nokompetentligini fosh etdi», — deb yozdi X ijtimoiy tarmog‘ida Putinning maxsus vakili Kirill Dmitriyev.
Undan so‘ng Vladimir Putin ham chiqish qildi. «To‘g‘ridan-to‘g‘ri liniya» vaqtida u Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini musodara qilish masalasini muhokama qilayotgan Yevropa davlatlarini «qalloblar» deb atadi. Putin, shuningdek, sud da’volari bilan tahdid qildi va Rossiya pullarining musodara qilinishi Yevropa tomon ishonchni susaytirishini ta’kidladi.
EI davlatlari Ukrainaga yordam ko‘rsatish bo‘yicha qarorni kecha tun yakunladi. Yevropa Ittifoqi 2026 va 2027 yillar uchun Ukrainaga YEI byudjeti kafolati ostida 90 milliard yevro ajratishga rozi bo‘ldi. Muzlatilgan Rossiya aktivlarini darhol ishga solish g‘oyasi esa ayrim davlatlarning qarshiligiga uchrab, oxir-oqibat keyinga qoldirildi.