Putin butun Ukrainani egallash va Yevropaning ilgari SSSR tarkibiga kirgan ayrim hududlarini Rossiyaga qo‘shib olishni istaydi.
Bu haqda Reuters AQSh razvedka xizmatlari xulosalari bilan tanish bo‘lgan olti nafar manbasiga tayanib xabar bermoqda.
"Rossiya prezidenti faqatgina Ukrainani nazorat qilish bilan cheklanmay, ilgari SSSR tarkibida bo‘lgan Yevropa davlatlari hududlarini ham bosib olishni xohlaydi", deya yozadi agentlik.
Reuters suhbatdoshlari tilga olgan AQSh razvedkasining so‘nggi hisobot sanasi 2025 yilning sentyabri oxiriga to‘g‘ri keladi. Qayd etilishicha, AQSh razvedkasining xulosalari keng ko‘lamli urush boshlanganidan beri o‘zgarmagan va ko‘p jihatdan Yevropa razvedka xizmatlari fikriga mos keladi.
"Razvedka ma’lumotlari har doim Putinga bundan ham ko‘prog‘i kerakligini ko‘rsatib kelgan. Yevropaliklar bunga ishongan, ayniqsa Polsha bu fikrda qat’iy. Boltiqbo‘yi davlatlari esa Ukrainadan keyin navbat o‘zlariga keladi, deb hisoblaydi", — dedi Reuters bilan suhbatda AQSh Vakillar palatasining razvedka bo‘yicha qo‘mitasi a’zosi Mayk Kuigli.
19 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot chog‘ida Vladimir Putin yana bir bor Rossiya Ukraina bilan tinchlik kelishuvi tuzishga tayyor ekanini, biroq bu Moskvaning talablari bajarilishi sharti bilan bo‘lishini aytdi. Shuningdek, u Rossiya Yevropaga qarshi “maxsus harbiy operasiyalar” o‘tkazishni rejalashtirayotgani haqidagi taxminlarni “bema’nilik” deb atadi.
"Agar siz bizga hurmat bilan munosabatda bo‘lsangiz, hech qanday “maxsus harbiy operasiyalar” bo‘lmaydi", — dedi Rossiya prezidenti.