Buxoroda nazorat tadbirlari davomida sifatsiz temir-beton mahsulotlari aniqlandi. Bu haqda Nazorat inspeksiyasi xabar berdi.
Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi nazorat inspeksiyasining Buxoro viloyati hududiy bo‘limi tomonidan Kogon tumanida joylashgan «K.Y.S» MCHJda davlat nazorati tekshiruvi o‘tkazildi.
Tekshiruv davomida korxona faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining «Standartlashtirish to‘g‘risida” hamda «Metrologiya to‘g‘risida»gi qonunlari talablariga rioya etilmagani aniqlandi.
Shuningdek, temir-beton mahsulotlarini ishlab chiqarish va sifat nazorati jarayonlarida amaldagi me’yoriy hujjatlar talablari buzilgani bilan bog‘liq boshqa holatlar ham qayd etildi.
Aniqlangan qonunbuzarliklar yuzasidan amaldagi qonunchilikka muvofiq tegishli choralar ko‘rilmoqda. Bundan tashqari, standart talablariga nomuvofiq temir-beton mahsulotlarini realizasiya qilish vaqtincha taqiqlandi hamda ularni muomaladan qaytarib olish bo‘yicha korxonaga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek, mahsulot ishlab chiqaruvchisiga kelgusida amaldagi standartlar talablariga qat’iy rioya etgan holda ishlab chiqarishni tashkil etish, mahsulot sifati ustidan ichki nazoratni kuchaytirish yuzasidan ko‘rsatmalar berilib, taqdimnomalar kiritildi.