Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Bojxona qo‘mitasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Buxoro shahrida faoliyat yuritgan narkolaboratoriya fosh etildi.
Internet narkodo‘konda “omborchi” va “kimyogar” bo‘lib ishlovchi, Jondor tumanilik 27 va 29 yoshli 2 nafar fuqaro viloyat markazidagi ko‘p qavatli uylardan biridagi xonadonda narkolaboratoriya tashkil qilib, sintetik giyohvandlik vositalari tayyorlash hamda sotish bilan shug‘ullanishgan.
Xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirish jarayonida ushbu manzildan umumiy og‘irligi 6 kg 650 gr bo‘lgan “spays” sintetik narkotik moddasi, SIM-kartalar, respiratorlar, qo‘lqoplar, zip paketlar, elektron tarozi va ko‘p miqdordagi tamaki mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olindi.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, ular tomonidan Kogon tumanidagi xufiyona joylarga kichik bo‘laklarda yashirib qo‘yilgan jami 4 kg 200 gr “spays” moddasi ham prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Hozirda qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,273-moddasi va 276¹-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.