Norvegiya poytaxti Osloda bo‘lib o‘tgan Rossiya-Ukraina mojarosini hal qilish bo‘yicha muzokaralarda Kiyevga xavfsizlik kafolatlarini berish, energetik sulh va Rossiya hamda Ukraina yetakchilari Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiyning ehtimoliy uchrashuvi muhokama qilindi.
Bu haqda Ukraina prezidenti o‘zining Telegram-kanalida yozdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff Rossiya tomoniga topshiradigan hujjatda xavfsizlik kafolatlarining turli shakllari belgilab qo‘yilgan.
"Agar Rossiya Ukraina energetika ob’ektlariga hujumlarni to‘xtatsa, Ukraina ham Rossiya energetika sektorining nozik ob’ektlariga zarba bermaslikka tayyor. Kiyev Vashingtonning energetik sulh tuzish haqidagi taklifini qo‘llab-quvvatladi, biroq Moskva zarba berishda davom etdi. Biz mojaroni hal qilishning turli variantlarini taklif qilmoqdamiz va yechim izlashda davom etyapmiz", — deb qayd etdi u.
U, shuningdek, faqat oliy darajada hal qilinishi mumkin bo‘lgan masalalarni ko‘rib chiqish uchun yetakchilarning ehtimoliy uch tomonlama uchrashuvi g‘oyasi ustida ish olib borilayotganini ma’lum qildi. Zelenskiyning aytishicha, Uitkoff 21 oktyabr kuni Rossiyaga tashrifi davomida ushbu taklifni Putin bilan muhokama qiladi.
Eslatib o‘tamiz, 20 oktyabr kuni Osloda Yevropa, Ukraina va AQSh vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tgan edi. Finlyandiya Prezidenti Aleksandr Stubb muzokaralarda Rossiya-Ukraina mojarosini hal qilishda "haqiqiy ilgarilash"ga erishilganini ta’kidlagan edi.