Iroqdagi shialarning Eronga xayrixoh yetakchilaridan biri, ruhoniy Muqtado as-Sadr Fransiyada boshlanib, qo‘shni Yevropa mamlakatlariga ham tarqalgan voqealar «Evropa kuzi» boshlanganidan darak berishini bildirdi. Uning fikricha, bu hodisalar Eski Dunyo siyosatida tub o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin.
As-Sadrning ta’kidlashicha, Yevropadagi voqealar mamlakatlarni Isroil va AQSh ta’siridan «qurigan barglar kabi xalos bo‘lishga» undashi mumkin.
U Yevropadagi inqirozni pandemiyadan keyin qashshoqlik va muhtojlikning kuchayishi, moddiy hamda inson resurslari yetishmovchiligi, shuningdek, Hurmuz bo‘g‘ozining yopilishi bilan bog‘ladi.
As-Sadr arab va islom dunyosi yoshlarini G‘arb modelini namuna sifatida qabul qilishga bo‘lgan munosabatini qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi. Shuningdek, musulmon davlatlariga Isroil bilan munosabatlarni normallashtirishdan tiyilishni tavsiya qildi.
Fransiyadagi tartibsizliklar davomida ayrim hududlarda yahudiylarga tegishli do‘konlar vayron qilingan, musulmonlarga tegishli do‘konlar esa deyarli zarar ko‘rmagan. Tartibsizlik ishtirokchilari Jazoir va Falastin bayroqlarini ko‘tarib yurgan.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, dastlab o‘rta ta’lim sifatiga nisbatan norozilik sifatida boshlangan namoyishlar keyinchalik o‘z tusini o‘zgartirgan. Chap qanot ekstremistlari islomchilar bilan birlashib, namoyishlar nazoratini o‘z qo‘liga olgan.