Bugun, 16 mart oqshomida – butun Ramazon oyi davomida 1765 ta masjidda xushovoz qorilar tomonidan o‘qilgan Qur’oni karimning xatmonalari (yakuni) bo‘lib o‘tadi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Idoraning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston bo‘ylab xatmi Qur’onlar o‘qilgan masjidlarda yurtdoshlarimiz bir vaqtning o‘zida xatmonadan keyingi duolarga qo‘l ochishadi.
Tarovih namozlarining boshlanish vaqti Farg‘ona vodiysi bo‘ylab 20:20dan boshlab belgilangan. Vohada va O‘zbekistonning g‘arbiy hududlarda 21:00 gacha cho‘ziladi. Toshkent viloyati va poytaxtda tarovih namozlari 20:30 da boshlanishi belgilangan.
«Ulamolarning ta’kidlashicha, Qur’on xatm qilinganidan so‘ng qilingan duo rad etilmaydi. Chunki Qur’on Allohning kalomi bo‘lib, uni to‘liq o‘qib tugatish ulug‘ ibodat. Bugun dunyo-yu oxirat saodatiga erishish uchun iltijo qilish fursatidir. Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Qur’on xatm qilinganda ijobat bo‘ladigan duo bor». Bundan kelib chiqadiki, jamoat bo‘lib o‘qilgan namozlar, ayniqsa, Qadr kechasida xatmi Qur’onlardan keyin qilinadigan duolar inshalloh ijobat bo‘ladi», deyiladi diniy idora xabarida.
Ma’lumot uchun, bu yil O‘zbekistondagi 2101 ta masjidda tarovih namozi o‘qilmoqda. Ularning 1700dan ortig‘ida esa to‘liq xatmona bo‘lmoqda. Ushbu jarayonga 3 642 nafar iqtidorli qori saralab olingan. «Xatmi Qur’on» tadbirlari barcha masjidlarda bir tartibda boshlanib, Ramazonning 27-kechasida yakunlanishi rejalashtirilgan.