Xabar qilinishicha, Rossiya hujumlari natijasida ular uch kundan beri elektr energiyasi va suvsiz qolishgan. Shuningdek, Rossiya tomonidan muhim infratuzilma ob’ektiga uyushtirilgan hujumdan so‘ng, Zaporoje deyarli to‘liq elektr energiyasiz qoldi. Viloyat harbiy ma’muriyati xabariga ko‘ra, suv ta’minoti va isitish tizimida ham muammolar kuzatilmoqda. Dnepropetrovsk viloyatining Kamenskiy tumanlaridagi ayrim aholi punktlarida ham elektr energiyasi uzilib qolgan. Shifoxonalar va muhim infratuzilma ob’ektlari generatorlar yordamida ishlamoqda.
Zelenskiyning aytishicha, Rossiya Ukraina hududlaridan birini tanlab olib, bir necha kun davomida uning energetika infratuzilmasini ataylab vayron qilmoqda. "Rossiyaliklar shunday harakat qilishadi: ular bitta hududni aniq nishon sifatida tanlab oladilar va bir necha kun davomida zarbalarni faqat o‘sha hududga — elektr tarmoqlari, podstansiyalar va boshqa barcha infratuzilma ob’ektlariga qaratadilar", — dedi prezident.
Sentyabr oyi boshidan buyon eng ko‘p zarbalar Dnepropetrovsk (131 ta) va Kiyev (125 ta) viloyatlarida qayd etilgan. Shuningdek, Jitomir va Sumi viloyatlarida ham yuzdan ortiq zarba berilgan.
Ayni paytda Zaporoje va Dnepropetrovsk viloyatlarida vaziyat ayniqsa og‘ir. Rossiya hujumlari oqibatida keng ko‘lamli elektr uzilishlari davom etmoqda, tinimsiz zarbalar va havo hujumi haqidagi ogohlantirishlar esa ta’mirlash ishlarini qiyinlashtirmoqda.