Rossiyaning «Agentstvo» nashri Moskva FHDYo idorasidan sizdirilgan hujjatlarga tayanib xabar berishicha, Vladimir Putinning kichik qizi Katerina Tixonovaning bir yarim yoshli o‘g‘li otasining familiyasini olmagan.
Hujjatlarga ko‘ra, Tixonova 2025 yil 15 avgust kuni Moskvada o‘g‘il farzand ko‘rgan. Bolaning ismi Adrian Igorevich Tixonov deb qayd etilgan.
Bolaning otasi familiyasi o‘rniga onasining familiyasi berilganiga, ehtimol, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan bog‘liq noqulay o‘xshashliklarning oldini olish sabab bo‘lgan.
«Agentstvo» ma’lumotlariga ko‘ra, bolaning otasi ehtimol Ukraina prezidenti bilan familiyasi bir xil bo‘lgan baletmeyster Igor Zelenskiydir.
Qizig‘i shundaki, Katerina Tixonova va Igor Zelenskiyning Elza ismli qizi 2017 yilda tug‘ilganida otasining familiyasini olgan. Biroq keyinchalik u onasining familiyasi ko‘rsatilgan pasport bilan safar qilgan.
U 2016 yil avgustidan 2022 yil apreliga qadar Bavariya davlat baletining badiiy rahbari lavozimida ishlagan. Ukrainaga qarshi urush boshlanganidan ko‘p o‘tmay, shaxsiy sabablarga ko‘ra lavozimini tark etganini ma’lum qilgan.
Taxminlarga ko‘ra, juftlik bir necha yil davomida Moskva va Myunxen o‘rtasida qatnab yashagan. Spiegel nashrining surishtiruvlariga ko‘ra, ular ba’zan umumiy farzandlari uchun yollangan enaga, qo‘riqchilar va maxsus xizmat xodimlari hamrohligida safar qilgan.
Putinning necha nafar nevarasi borligi aniq ma’lum emas.
Ochiq manbalarda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, uning katta qizi Mariya Voronsovaning kamida ikki nafar o‘g‘li bor. Ular 2012 va 2017 yillarda tug‘ilgan.
Katerina Tixonovaning esa Elza va Adrian ismli ikki farzandi bor.
Bundan tashqari, Kreml rahbariga nikohdan tashqari tug‘ilgan kamida uch nafar farzand ham nisbat beriladi.