Bugun 16 noyabr, 2026 yil, dushanba

КИР

Ispaniya FIFA’ga ultimatum qo‘ydi

Ispaniya FIFA’ga ultimatum qo‘ydi

Ispaniya futbol federasiyasi (RFEF) 2030 yilgi Jahon chempionati finalini Ispaniya hududida o‘tkazish masalasi muhokama qilinmasligini FIFA’ga ma’lum qildi.

Cadena SER xabariga ko‘ra, FIFA delegasiyasining Madridga tashrifi chog‘ida Ispaniya FF prezidenti Rafael Lousan va uning jamoasi hal qiluvchi bahs uchun Ispaniyadan tashqaridagi hech qanday muqobil variantlar ko‘rib chiqilmasligini qat’iy ta’kidlagan. “Santyago Bernabeu” stadionida o‘tgan texnik uchrashuvlarda ispan tomoni arena barcha talablarga javob berishini isbotlab, inspektorlarning xavfsizlik, infratuzilma va moliyalashtirish borasidagi shubhalarini yo‘qqa chiqargan.

Shunga qaramay, FIFA’da ayrim nomzod shaharlardagi mahalliy qonunchilik, soliqlar va huquqiy tartib-qoidalar bo‘yicha savollar saqlanib qolmoqda. Tashkilot ma’muriy muammolar hal etilmasa, allaqachon tasdiqlangan shaharlarni ro‘yxatdan chiqarib tashlashi mumkinligi haqida ogohlantirdi. Ushbu vaziyat Valensiya va Vigo shaharlarining yakuniy ro‘yxatga kirishi uchun imkoniyat yaratmoqda. Mezbon shaharlarning yakuniy ro‘yxati 2027 yil yoziga qadar e’lon qilinadi, final o‘tkaziladigan manzil esa undan ham kechroq belgilanishi mumkin.

Ma’lumot o‘rnida, 2030 yilgi Jahon chempionatiga Ispaniya, Portugaliya va Marokash mezbonlik qiladi. Bundan tashqari, Urugvay, Argentina va Paragvayda turnirning bittadan ochilish uchrashuvi o‘tkaziladi.

Kiritildi: 23:45 15.11.2026. O'qildi: 362 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik