Yaponiya Vazirlar mahkamasi oziq-ovqat mahsulotlarini sotishga qo‘llanadigan soliqni vaqtincha kamaytirishni ma’qulladi. Bu haqda mamlakat moliya vaziri Sasuki Katayama ma’lum qildi, deb xabar berdi Bloomberg.
Ma’lum qilinishicha, hukumat soliq islohoti rejasini tasdiqlagan. Unga ko‘ra, oziq-ovqat mahsulotlari va ichimliklarga qo‘llanadigan savdo solig‘i ikki yil muddatga 8 foizdan 1 foizgacha pasaytiriladi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu chora mamlakat byudjetiga taxminan 5 trillion iyena yoki 32,3 milliard dollarga tushadi. Soliq tushumlarining kamayishini qanday qoplash masalasi bo‘yicha yakuniy qaror yil oxiriga qadar qoldirilgan.
"Endi samarasiz xarajatlarni keng miqyosda qisqartirishga kirishamiz", — dedi Katayama.
Uning bayonoti vazirliklar tomonidan o‘tkazilgan ixtiyoriy tekshiruvlarda tejash mumkin bo‘lgan atigi uchta dastur aniqlangani haqidagi tanqidlarga javob sifatida aytildi.
Maqolada qayd etilishicha, Yaponiyada inflyasiya so‘nggi paytlarda hukumat choralari ta’sirida nisbatan past darajada saqlanib kelmoqda. Biroq iyenaning zaiflashuvi, shuningdek, Yaqin Sharqdagi mojaro fonida yetkazib berish va qadoqlash xarajatlarining oshishi sabab oziq-ovqat narxlari hamon yuqori bo‘lib qolmoqda.