Ijtimoiy tarmoqlarda Oliy ta’lim, fan va innovasiyalar vazirligi tomonidan davlat va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga Hindiston hamda Bangladesh fuqarolarini talabalikka qabul qilmaslik bo‘yicha og‘zaki ko‘rsatma berilgani haqida xabarlar tarqaldi. Vazirlik ushbu ma’lumot haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab xorijlik abituriyentlarni O‘zbekiston oliy ta’lim tashkilotlariga qabul qilish jarayoni “Study in Uzbekistan” yagona elektron platformasi orqali amalga oshirilmoqda.
Platforma orqali xorijlik abituriyentlar O‘zbekistondagi oliy ta’lim tashkilotlari, ta’lim dasturlari, qabul shartlari va to‘lov miqdorlari haqida ma’lumot olishi, hujjatlarni elektron shaklda topshirishi va arizasining holatini kuzatishi mumkin.
Vazirlikka ko‘ra, yangi tizimning asosiy maqsadi xorijlik abituriyentlar uchun qabul jarayonini yanada ochiq va shaffof qilish, ularni turli vositachilarga bog‘liq holatdan chiqarish hamda oliy ta’lim tashkilotlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish imkoniyatini yaratishdan iborat. Platformada ro‘yxatdan o‘tish bepul bo‘lib, abituriyent tanlagan oliy ta’lim tashkilotiga bevosita ariza topshirishi mumkin.
Shuningdek, O‘zbekiston xorijiy talabalar oqimini cheklashdan emas, aksincha, kengaytirishdan manfaatdor ekani ta’kidlangan. Bunda xorijiy talabalar geografiyasini kengaytirish, O‘zbekistonni ta’lim olish uchun jozibador mamlakat sifatida xorijda targ‘ib qilish va ta’lim eksportini barqaror rivojlantirish maqsad qilingan.
Xorijiy talabalarni qabul qilish hajmi esa har bir oliy ta’lim tashkiloti tomonidan uning mavjud imkoniyatlaridan kelib chiqib belgilanadi. Bunda o‘quv auditoriyalari, o‘quv-laboratoriya bazasi, professor-o‘qituvchilar salohiyati, talabalar turar joylari va boshqa infratuzilma imkoniyatlari hisobga olinadi.
Vazirlik xorijlik abituriyentlarga O‘zbekistonda ta’lim olish uchun rasmiy “Study in Uzbekistan” platformasidan foydalanish, qabul shartlari bo‘yicha ma’lumotlarni bevosita tanlangan oliy ta’lim tashkilotidan olish hamda turli vositachilarga asossiz to‘lovlarni amalga oshirmaslikni tavsiya qilgan.
Qabul jarayonida muammoga duch kelgan xorijlik abituriyentlar bu haqda platformadagi rasmiy murojaat kanallari orqali xabar berishi mumkin.