Bugun 30 sentyabr, 2026 yil, chorshanba

КИР

V azir E’zoza Karimova Namangandagi fojia haqida: “Jarayonlarni shaxsiy nazoratimga olganman”

V azir E’zoza Karimova Namangandagi fojia haqida: “Jarayonlarni shaxsiy nazoratimga olganman”

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanidagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida 5 yoshli qizaloqqa nisbatan sodir etilgan zo‘ravonlik holati yuzasidan munosabat bildirdi. U voqea bilan bog‘liq barcha jarayonlarni shaxsiy nazoratiga olganini ma’lum qildi.

E’zoza Karimovaga ko‘ra, mazkur holat uni nafaqat vazir, balki ona sifatida ham qattiq larzaga solgan. Vazir bola xavfsizligi uchun mas’ul bo‘lgan shaxslarning o‘z vazifasiga loqayd munosabatini hech qanday sabab bilan oqlab bo‘lmasligini ta’kidladi.

"Bolaning xavfsizligi uchun javobgar bo‘lgan insonlarning o‘z vazifasiga loqayd munosabatda bo‘lishini hech qanday sabab bilan oqlab bo‘lmaydi", — dedi vazir.

Karimovaning ma’lum qilishicha, u voqea haqida xabar topgan vaqtda Andijon viloyatida bo‘lgan. Shu kuni Toshkentga qaytish o‘rniga Namanganga borib, holatni joyida o‘rgangan.

"Holatning tafsilotlari, mas’ullar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar va ko‘rilayotgan choralar bilan tanishdim", — dedi u.

Vazir mazkur voqea haqida nega avvalroq jamoatchilikka ma’lum qilinmaganiga ham izoh berdi. Uning ta’kidlashicha, holat yuzasidan tergov olib borilayotgani sababli surishtiruv jarayoniga xalaqit bermaslik, shuningdek, qizaloqning manfaatlari va shaxsiga doir ma’lumotlarni himoya qilish maqsadida voqea tafsilotlari oshkor etilmagan.

Shu bilan birga, vakolatli organlarning xulosalari kutilayotgan davrda ham vazirlik o‘z vakolati doirasida holatni o‘rganish va tegishli choralarni ko‘rish ishlarini davom ettirgan.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, voqeaga aloqadorlikda gumon qilinayotgan barcha xodimlar ishdan olingan. Holatni atroflicha o‘rganish, mas’ullarning xizmat vazifalarini qay darajada bajarganini aniqlash hamda ularning egallab turgan lavozimiga loyiqligini ko‘rib chiqish maqsadida maxsus ishchi guruh tuzilgan.

"Ushbu jarayonlarni shaxsiy nazoratimga olganman", — dedi E’zoza Karimova.

Uning qayd etishicha, o‘rganish jarayonida kim o‘z vazifasini bajarmagani, kim beparvolikka yo‘l qo‘ygani va kim ushbu holatga ko‘z yumganiga aniqlik kiritiladi.

Bolalar xavfsizligini ta’minlashga mas’ul bo‘lgan har bir xodim va rahbarning faoliyati shu mezon asosida baholanishi aytildi. Lavozimi yoki xizmat tajribasidan qat’i nazar, vazirlik vakolati doirasida tegishli choralar ko‘riladi. Aybdor deb topilgan shaxslar esa qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.

"Ayni kunlarda maxsus ishchi guruh mamlakatimizdagi barcha maktabgacha ta’lim tashkilotlari xodimlarining — rahbarlardan tortib texnik xodimlargacha — faoliyatini o‘rganmoqda", — deb yozdi vazir.

Shuningdek, o‘rganish davomida aniqlangan har bir kamchilikning sabablari va unga yo‘l qo‘ygan mas’ullarning javobgarligi ham ko‘rib chiqiladi. Vazirlikka ko‘ra, ko‘riladigan choralar bolalar uchun xavfsiz muhit yaratish hamda bunday holatlarning takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan bo‘lishi kerak.

E’zoza Karimova tizimdagi barcha rahbar va xodimlarga murojaat qilib, ularga ishonib topshirilgan har bir bolaning xavfsizligi kundalik faoliyatdagi eng asosiy talab bo‘lishi shartligini ta’kidladi.

"Farzandlarimiz taqdiriga befarq, o‘z vazifasiga mas’uliyatsiz munosabatda bo‘lgan insonlarning ta’lim tizimida ishlashiga yo‘l qo‘yilmaydi. Ota-onalarning ishonchini oqlash uchun har bir bog‘chada bola himoyalanganini, unga mehr va e’tibor ko‘rsatilayotganini amalda ta’minlashimiz zarur", — dedi vazir.

Kiritildi: Bugun 01:00. O'qildi: 279 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!