Vazirlar Mahkamasining 154-sonli qarori bilan jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyoj uchun xorijdan biologik faol qo‘shimchalar olib kirish tartibiga o‘zgartirish kiritildi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi xabar qildi.
Qayd etilishicha, endi jismoniy shaxslar xorijdan 10 tagacha nomdagi BFQni birlamchi o‘ramda, har bir turdan bir o‘ramdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda olib kirishlari mumkin. Bunda ularning umumiy og‘irligi 3 kilogrammdan oshmasligi kerak.
Shu vaqtga qadar jismoniy shaxslar tomonidan o‘z ehtiyojlari uchun olib kiriladigan biologik faol qo‘shimchalarning me’yorlari ularning shakliga qarab belgilangan edi. Masalan, tabletka ko‘rinishidagi mahsulotlardan 100 donadan ortiq olib kirish taqiqlangan.
Amaliyotda esa xorijiy davlatlarda ishlab chiqarilgan bitta qadoqdagi vitamin yoki qo‘shimchalar soni 100 tadan oshib ketgan holatlar tez-tez uchrab turgan.
Shuningdek, jismoniy shaxslarning shaxsiy ehtiyojlari uchun biologik faol qo‘shimchalarni bojsiz olib kirish me’yorlarini oshirishda aholining taklif va mulohazalari hamda real ehtiyojlari inobatga olingani bildirildi.