Bugun 19 sentyabr, 2026 yil, shanba

КИР

Muhojirlar ketmoqda — Moskva esa qaytishga chaqirmoqda

Muhojirlar ketmoqda — Moskva esa qaytishga chaqirmoqda

Rossiya mehnat muhojirlari uchun ochiq bo‘lib qolmoqda, deya ma’lum qildi Rossiya Tashqi ishlar vazirligi vakili Mariya Zaxarova. Bu bayonot Rossiyada migrasiya qoidalari kuchaytirilayotgani va mamlakat mehnat bozorining jozibadorligi pasayayotgani fonida yangradi. Faqat 12 kun ichida Rossiyadan O‘zbekistonga 96 mingdan ortiq kishi qaytib kelgan.

Rossiya TIV rasmiy vakilining so‘zlariga ko‘ra, Rossiya hanuz dunyoda migrantlarni jalb qiluvchi yirik markazlardan biri bo‘lib qolmoqda. Uning ta’kidlashicha, mamlakat migrasiya siyosati bir vaqtning o‘zida milliy xavfsizlik masalalari va inson huquqlari sohasidagi majburiyatlarni hisobga olishi kerak.

«Rossiya bizga ishlash yoki o‘qish uchun kelmoqchi bo‘lgan xorijiy fuqarolar uchun ochiq», — dedi Zaxarova.

TIV vakilining ta’kidlashicha, Rossiya hukumati xorijiy fuqarolarning mamlakatda qonuniy bo‘lish qoidalarini yanada tushunarli va kamroq byurokratik qilishga intilmoqda. Jumladan, ma’muriy jarayonlar raqamli formatga o‘tkazilmoqda.

Zaxarovaning so‘zlariga ko‘ra, raqamlashtirish mehnat bozorining shaffofligini oshirish, shuningdek, xorijiy ishchilarni noqonuniy sxemalar va vijdonsiz ish beruvchilardan himoya qilishga xizmat qilishi kerak.

Shu bilan birga, Moskva mamlakatga kelayotgan xorijliklardan Rossiya qonunchiligiga rioya qilishni, shuningdek, mamlakatning madaniy va ma’naviy an’analari hamda jamiyatda qabul qilingan xulq-atvor me’yorlarini hurmat qilishni kutmoqda.

Zaxarova migrasiya qonunchiligidagi o‘zgarishlarni, jumladan, noqonuniy migrasiya va ekstremizmga qarshi kurash bilan bog‘ladi. Uning ta’kidlashicha, ko‘rilgan choralar xorijiy fuqarolar o‘rtasidagi huquqbuzarliklar darajasini sezilarli darajada kamaytirgan va «kamsitmaslik» tamoyiliga asoslangan.

Zaxarovaning bayonoti Rossiyaning Markaziy Osiyodan kelayotgan mehnat muhojirlari uchun jozibadorligi pasayayotgani fonida yangradi. TRT o‘zbek tilidagi nashrida avvalroq yozganidek, 25 avgustdan 5 sentyabrgacha bo‘lgan davrda Rossiyadan O‘zbekistonga 96 415 kishi qaytib kelgan: 54 885 kishi to‘g‘ridan-to‘g‘ri, yana 41 530 kishi Qozog‘iston orqali qaytgan. Ekspertlar bunga sabab sifatida rubl kursi tufayli daromadlarning kamayishi, beqarorlik va Rossiyaning migrasiya siyosati kuchaytirilganini ko‘rsatgan.

Shu bilan birga, O‘zbekistondan mehnat migrasiyasining geografiyasi ham o‘zgarmoqda. Rossiya hozircha asosiy yo‘nalish bo‘lib qolmoqda: xorijda ishlayotgan qariyb 1,4 million nafar O‘zbekiston fuqarosining taxminan 834,2 ming nafari, ya’ni 60 foizi, Rossiyada bo‘lib turibdi. Biroq o‘tgan yil davomida MDH davlatlariga ishlash uchun ketganlar soni 29 foizga kamaygan bo‘lsa, Yevropaga yo‘nalgan oqim 42 foizga, Osiyoning boshqa davlatlariga ketganlar soni esa 26 foizga oshgan.

Pul o‘tkazmalari tarkibida ham o‘zgarish kuzatilmoqda. 2026 yilning birinchi choragida O‘zbekistonga yuborilgan pul o‘tkazmalarida Rossiyaning ulushi 77,6 foizdan 72,4 foizgacha kamaygan. Migrasiya bo‘yicha ekspert Alisher Hamdamov Rossiya mehnat bozorining jozibadorligi pasayishini Ukrainadagi urush, rublning zaiflashuvi hamda ro‘yxatdan o‘tish va ishlash uchun ruxsat olish talablari kuchaytirilgani bilan bog‘lagan.

Shu bilan birga, o‘zbekistonlik migrantlar Yevropa va Osiyo davlatlarini tobora ko‘proq tanlamoqda. Ularni bu mamlakatlarda yuqoriroq maoshlar, ijtimoiy kafolatlar va qonuniy ravishda ishga joylashish imkoniyatlari jalb qilmoqda.

Kiritildi: 08:30 18.09.2026. O'qildi: 15357 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!