Bugun 18 may, 2025 yil, yakshanba

КИР

O‘zbekistonda uy narxlari nimalarga bog‘liq ravishda o‘zgarmoqda?

O‘zbekistonda uy narxlari nimalarga bog‘liq ravishda o‘zgarmoqda?

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi mutaxassisi Jaloliddin Usmonov O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozorida yuz bergan o‘zgarishlar tahlilini taqdim etdi:

– Mamlakatimizda birlamchi va ikkilamchi uy-joy narxlarining umumiy pasayishiga qaramay, yillik hisobda narxlar dinamikasi barqarorligicha qolmoqda.

Ma’lumki, ko‘chmas mulk bozoridagi faollik ketma-ket ikki oylik pasayishdan so‘ng, aprel oyida barqaror tiklanishni ko‘rsatdi. Oy davomida bitimlar hajmi 20 foizga oshib, 24 mingtani tashkil etdi.

Aprel oyida ko‘chmas mulk bozoridagi hududiy dinamika barqaror o‘sgan. O‘zbekistonning hech qaysi hududida bitimlar hajmi pasaymagan. Faollikning eng sezilarli o‘sishi Namangan (39%), Samarqand (29%) va Buxoro viloyatlarida (27%) qayd etildi.

O‘zbekistonda ikkilamchi bozorda uy-joylarning o‘rtacha narxi o‘tgan oyga nisbatan 1,3 foizga oshdi. Yillik hisobda o‘sish 2,4 foizni tashkil etdi. O‘sish sur’atlari Jizzax, Surxondaryo va Xorazm viloyatlari, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida yuqori qayd etilgan.

Toshkent shahrida esa ko‘chmas mulk bozoridagi vaziyat nisbatan barqarorlikni ko‘rsatdi. Ikkilamchi bozorda uy-joylarning o‘rtacha narxi deyarli o‘zgarmagan.

Yillik hisobda ham birlamchi, ham ikkilamchi ko‘chmas mulk bozorlarida narxlarning pasayishi kuzatildi. Ikkilamchi uy-joylarning o‘rtacha narxi 6,3 foizga kamaygan bo‘lsa, birlamchi uy-joy segmentida esa pasayish 4,2 foizni tashkil etdi.

Ikkilamchi uy-joy narxlarining eng katta pasayishi Chilonzor (10,7%), Mirzo Ulug‘bek (9,4%) va Yashnobod (8,2%) tumanlarida kuzatildi. Birlamchi uy-joy narxlarining eng sezilarli pasayishi Uchtepa (15,3%), Shayxontoxur (13,3%) va Yunusobod (8,8%) tumanlarida kuzatildi.

Aprel oyida Toshkent shahrida ijara narxlarida barqarorlik kuzatildi. O‘rtacha ijara narxi o‘tgan oydagi ko‘rsatkichni saqlab qoldi va bir kvadrat metr uchun 8,1 dollarni tashkil etdi.

Poytaxtning Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxi nisbatan yuqoriligicha qolmoqda. Ushbu tumanlarda ijara narxi bir kvadrat metr uchun o‘rtacha 10,4 dollarni tashkil etadi. Yil davomida ijara narxlarining eng sezilarli pasayishi Uchtepa, Yunusobod va Mirzo-Ulug‘bek tumanlarida qayd etildi.

Kiritildi: 16:27 16.05.2025. O'qildi: 512 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!