Bugun tushdan keyin Toshkent shahrida kuchli chang bo‘roni kuzatildi. Shahar aholisini bezovta qilgan bu tabiiy hodisa ko‘plab ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti doktoranti Batir Xalmuratovning fikriga ko‘ra, Toshkentda chang bo‘ronining yuzaga kelishiga bir nechta omillar sabab bo‘lgan. Eng asosiy sabab — salqin shimoliy havo oqimi va janubdan kirib kelayotgan issiq havo massasining to‘qnashuvi, bosimning noodatiy ortishi va keskin shamol kuchayishidir. Bu havo massalari o‘rtasidagi keskin harorat farqi kuchli shamolni keltirib chiqargan.
Ta’kidlash joizki, shamol tezligi ayrim hududlarda 20 m/s dan oshgani aytilmoqda. Kuchli shamol o‘z navbatida qurigan tuproqdan va ochiq yer maydonlaridan chang zarrachalarini ko‘tarib, havo muhitiga tarqatdi. Natijada shaharning turli nuqtalarida ko‘rish masofasi qisqarib, nafas olish qiyinlashgan. Ob-havo sharoitini o‘rganayotgan ekspertlar bu holatni “frontal to‘qnashuv” deb ataydi. Ya’ni sovuq va issiq havo massalari bir joyda to‘qnashganida atmosfera beqarorlashib, kuchli shamol va chang ko‘tarilishi ehtimoli keskin ortadi. Aynan shu jarayon bugun Toshkentda bulutli osmon, chaqmoq va qisqa muddatli yog‘ingarchilik bilan birga kechmoqda.
E’tiborlisi shundaki, shu vaqtga kelib Nukus shahrida havo nisbatan barqaror. U yerda faqat salqinlik va yengil shamol kuzatilmoqda. Mutaxassislarning qayd etishicha, Nukusda chang bo‘ronining kuzatilmasligiga sabab shamol tezligining yetarlicha kuchli emasligi, tuproqning namligi yoki changga boy bo‘lmagan hududlar ustidan shamol harakatlanayotgani bo‘lishi mumkin.
Ayni vaqtda Toshkentda ekologik xizmatlar tomonidan chang miqdori va havoning sifat ko‘rsatkichlari monitoring qilinmoqda. Aholiga ochiq havoda uzoq yurmaslik, niqob taqish, bolalar va keksa insonlarni ehtiyot qilish tavsiya etilmoqda.