Prezident huzuridagi Statistika agentligining ma’lum qilishicha, O‘zbekistonda 2024 yilda 926,4 ming bola tug‘ildi.
Qayd etilishicha, ushbu ko‘rsatgich o‘tgan yilga nisbatan 3,7 foizga kam bo‘lib, tug‘ilishlar soni 2017 yildan beri ilk bor pasaydi.
Tug‘ilishning eng katta ulushi Samarqand viloyatida (12 foiz) kuzatildi. Farg‘ona viloyatida – 11,1 foiz, Qashqadaryo viloyatida – 10,9 foiz, Andijon viloyatida – 9,3 foiz va Surxondaryo viloyatida – 9,1 foiz.
Tug‘ilish darajasi Sirdaryo (2,4 foiz), Navoiy (2,8 foiz), Jizzax viloyatlari (4,2 foiz), Qoraqalpog‘iston Respublikasi (4,5 foiz) va Buxoro viloyatida (5 foiz) nisbatan past.
2024 yilda vafot etganlarning umumiy soni 174,4 ming kishini tashkil etdi. Bu 2023 yilga nisbatan 0,9 foizga ko‘p. O‘limlar soni ketma-ket ikkinchi yil ko‘paydi, lekin 2020 va 2022 yillardan pastroq.
O‘limning asosiy sabablari: 57,6 foiz – qon aylanish tizimi kasalliklari, 9,4 foiz – o‘simtalar, 6,3 foiz – nafas olish tizimi kasalliklari, 5,8 foiz – baxtsiz hodisalar, zaharlanish va shikastlanishlar, 4,1 foiz – ovqat hazm qilish tizimi kasalliklari, 1,1 foiz– yuqumli va parazitar kasalliklar, 15,7 foiz – boshqa kasalliklar.
O‘lim holatlarining eng katta ulushi Samarqand viloyatida (10,8 foiz) yuz berdi, Farg‘ona viloyatida – 10,3 foiz, Andijon viloyatida – 10,2 foiz, Toshkent shahrida – 9,6 foiz, Toshkent viloyatida – 9,4 foiz.
Sirdaryo (2,6 foiz), Navoiy (2,8 foiz), Jizzax (3,5 foiz), Xorazm (5,2 foiz) va Buxoro (5,5 foiz) viloyatlarida o‘lim ulushi nisbatan kam.