Qayd etilishicha, axborot texnologiyalari sohasida 2030 yilgacha 300 mingta ish o‘rni yaratish bo‘yicha belgilangan maqsadga joriy yilning o‘zida erishilgan. Endi raqamli iqtisodiyotning yangi yo‘nalishlarini rivojlantirish hisobiga yana 500 mingta ish o‘rni yaratish vazifasi qo‘yilmoqda.
Buning uchun yoshlarni o‘qitish, kasbiy ko‘nikmalarini baholash va ishga joylashtirish jarayonlarini birlashtiradigan yagona raqamli ta’lim ekotizimi shakllantiriladi.
Prezident robototexnika, kompyuter o‘yinlarini yaratish, startaplar va boshqa istiqbolli yo‘nalishlarda har yili 1 million nafar yoshni o‘qitish vazifasini qo‘ydi.
Shuningdek, «Al-Xorazmiy vorislari» va «Besh million sun’iy intellekt yetakchilari» loyihalarini kengaytirish, sun’iy intellekt, dron texnologiyalari, mikroelektronika va dasturlash bo‘yicha ta’limni rivojlantirish belgilandi.
Farg‘ona tajribasi asosida iOS dasturchilarini tayyorlash markazlarini tashkil etish, informatika o‘qituvchilarining sun’iy intellekt bo‘yicha malakasini oshirish va ularni sertifikatlash rejalashtirilmoqda.
Yoshlarning bilim va ko‘nikmalariga mos ish topishini yengillashtirish maqsadida «Raqamli yoshlar» platformasi rivojlantiriladi. Unda ta’lim, sertifikatlar va til bilish darajasi haqidagi ma’lumotlar jamlanib, foydalanuvchilarga mos bo‘sh ish o‘rinlari taklif etiladi.
Raqamli ta’limga xalqaro grantlarni jalb qilish hajmini ham oshirish ko‘zda tutilmoqda. O‘tgan yili bu yo‘nalishda 22 million dollar jalb qilingan bo‘lsa, ko‘rsatkichni joriy yil yakunigacha 60 million dollarga, 2030 yilga borib esa yiliga 100 million dollarga yetkazish topshirildi.
Grant mablag‘lari raqamli ta’lim, malaka oshirish dasturlari hamda chekka hududlarda zamonaviy ta’lim markazlarini tashkil etishga yo‘naltiriladi.
Davlat rahbari raqamli ta’limda faqat qamrovni kengaytirish emas, balki o‘qitish sifati va bitiruvchilarning ish bilan ta’minlanishi ham asosiy mezon bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.