Amerika yetakchisi Donald Tramp Rossiya-Ukraina mojarosini hal qilish uchun Ukraina va Rossiya prezidentlari Vladimir Zelenskiy hamda Vladimir Putinning uchrashishi shart emas deb hisoblaydi.
Tramp bu haqda Oq uyda jurnalistlarning savollariga javob berayotib aytib o‘tdi.
"Ularning bir xonada bo‘lishlari talab etilmaydi. Menimcha, ular buni boshqacha tarzda ham ta’minlay olishadi. Buning qanday amalga oshirilishi men uchun ahamiyatsiz", — deb qayd etdi Tramp.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Kiyevni qo‘llab-quvvatlashdan charchagan, kelishuvga erishilmasa esa vaziyat yanada yomonlashadi.
"Ukraina kelishuv tuzishni xohlashi kerak, chunki AQSh juda katta mablag‘ sarfladi, Yevropa ham katta mablag‘ sarfladi va hozirda Yevropa bundan charchadi. <...> Agar ular bitim tuzishmasa, yakunda hamma narsa — mening fikrimcha, hamma narsa faqat yomonlashadi", — deya da’vo qildi Amerika yetakchisi.
Bundan oldin Osloda Yevropa, Amerika va Ukraina tomonlari ishtirokida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida Norvegiya Bosh vaziri Yonas Gar Styore Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff Rossiyada Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan o‘tkazadigan muzokaralarida "etakchilar darajasidagi uchrashuv uchun zamin tayyorlashini" ma’lum qilgan edi.