Toshkentda O‘zbekiston–Xitoy ekspertlar kengashining ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda sun’iy intellekt, raqamli iqtisodiyot, texnologik kooperasiya va qo‘shma ilmiy ishlanmalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
2026 yil 19 oktyabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) hamda Xitoy Ijtimoiy fanlar akademiyasining Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo instituti hamkorligida O‘zbekiston–Xitoy ekspertlar kengashining «Raqamli sheriklik: sun’iy intellekt va yangi avlod ma’lumotlar iqtisodiyoti» mavzusidagi ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda ikki mamlakatning yetakchi tahliliy, ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalari, davlat idoralari hamda diplomatik vakolatxonalar vakillari ishtirok etdi.
Muhokamalarda raqamli transformasiya strategiyalari, sun’iy intellektni tartibga solish, investisiya va innovasiyalarni rivojlantirish, malakali mutaxassislar tayyorlash hamda qo‘shma texnologik loyihalarni amalga oshirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.
SMTI direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Ne’matov sun’iy intellekt va ma’lumotlar iqtisodiyoti mamlakatlarning raqobatbardoshligi, davlat boshqaruvi samaradorligi hamda texnologik xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.
Uning qayd etishicha, O‘zbekistonda «Raqamli O‘zbekiston – 2030», «O‘zbekiston – 2030» strategiyalari va sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030 yilga qadar rivojlantirish strategiyasi doirasida raqamli infratuzilmani takomillashtirish, hisoblash quvvatlarini oshirish va intellektual yechimlarni iqtisodiyot tarmoqlariga joriy etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi besh yilda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi uch barobarga oshib, 2025 yil yakunida qariyb 18 milliard dollarni tashkil etdi. Xitoyning O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan to‘g‘ridan to‘g‘ri investisiyalari hajmi 17 milliard dollarga yetdi, Xitoy kapitali ishtirokidagi korxonalar soni esa 6,5 mingdan oshdi. Qat’iy kelishuvlarga asoslangan loyihalar portfeli qariyb 60 milliard dollarni tashkil qilmoqda.
Shu bilan birga, tomonlar hamkorlikni an’anaviy savdo va investisiya yo‘nalishlaridan yuqori texnologiyalar, sun’iy intellekt, robototexnika va «yashil» energetika sohalariga kengaytirish muhimligini qayd etdi.
Akramjon Ne’matovning ta’kidlashicha, O‘zbekiston–Xitoy texnologik sherikligi faqat tayyor texnologiyalarni xarid qilish bilan cheklanmasligi, balki texnologiyalar transferi, muhandislik salohiyatini oshirish, mutaxassislar tayyorlash va qo‘shma ilmiy-tadqiqot ishlanmalarini rivojlantirishni ham qamrab olishi lozim.
Shu nuqtai nazardan, hisoblash infratuzilmasi va ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarini rivojlantirish, sun’iy intellekt yechimlarini sanoat, qishloq va suv xo‘jaligi hamda davlat boshqaruviga joriy etish, ilmiy tadqiqotlar va kadrlar tayyorlashni kengaytirish, elektron tijorat va raqamli moliyani rivojlantirish, shuningdek, kiberxavfsizlikni mustahkamlash ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilandi.
Uchrashuvda O‘zbekiston–Xitoy sun’iy intellektni rivojlantirish markazini tashkil etish tashabbusini amalga oshirish, qo‘shma tajriba loyihalarini yo‘lga qo‘yish va o‘zbek tilidagi til modellarini ishlab chiqish masalalariga ham e’tibor qaratildi. Shuningdek, sun’iy intellektdan foydalanishda fuqarolar huquqlarini himoya qilish, innovasiyalarni qo‘llab-quvvatlash va texnologik xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan muvozanatli yondashuvlarni ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.
Qo‘shma texnologik hamkorlik imkoniyatlariga misol sifatida «O‘zbekkosmos» agentligi va STAR.VISION kompaniyasi hamkorligida ishlab chiqilgan «Samarkand-2028» Yerni masofadan zondlash sun’iy yo‘ldoshi keltirildi. Mazkur loyihada o‘zbekistonlik muhandislar tomonidan yaratilgan sun’iy intellekt modulidan foydalanish yer monitoringi, ekologik vaziyatni baholash va tabiiy resurslarni boshqarishda yangi imkoniyatlar ochishi qayd etildi.
Xitoylik ekspertlar O‘zbekistonning raqamli infratuzilma va milliy innovasion ekotizimni rivojlantirish borasidagi yutuqlarini e’tirof etib, mamlakatning axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt sohasida mintaqaviy markazga aylanish salohiyati ortib borayotganini ta’kidladi.
Muhokamalarda Raqamli ipak yo‘lini rivojlantirish, raqamli xizmatlar va ma’lumotlar almashinuvini kengaytirish hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan Xitoy o‘rtasidagi texnologik aloqalarni mustahkamlash istiqbollari ham ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilish yakunida ishtirokchilar ekspertlar muloqotini izchil davom ettirish, sun’iy intellekt va raqamli iqtisodiyot sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda ikki mamlakatning ilmiy, texnologik va ishbilarmonlik salohiyatini birlashtirishga qaratilgan amaliy hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligini bildirdi.