Havaskorlar boksida ikki karra Olimpiya va jahon chempioni, yengilmas bokschi Bahodir Jalolov (18-0, 15 KO) “Manchester Siti” futbol klubining mashg‘ulotlar bazasiga tashrif buyurdi.
Xabaringiz bor, o‘ta og‘ir vazn toifasida muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan o‘zbek pahlavoni London shahrida tashkil etilgan professional boks oqshomida ishtirok etgan edi.
Bahodir Jalolov bu musobaqada mezbonlar vakili Solomon Dakresga (10-2, 3 KO) qarshi jang o‘tkazdi. Uchrashuvning 5 raundda raqibini nokdaun holatiga solib qo‘ygan hamyurtimiz yakunda hakamlarning yakdil qaroriga ko‘ra g‘alaba qozondi.
Shu tariqa Jalolovning rekordi 18-0 ko‘rinish oldi. G‘alabalarining 15 tasi esa nokaut bilan qo‘lga kiritilgan.
Bahodir Jalolov rasmiy jangidan keyingi kuni Manchester shahriga yo‘l olib, Angliyaning mashhur klubi “Manchester Siti” qarorgohiga bordi.
Mashg‘ulotlar bazasida Jalolov “Manchester Siti”ning yulduz hujumchisi Erling Xoland bilan ham suhbatlashdi. Shuningdek, O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanovni qo‘llab-quvvatladi.
Bahodir o‘zining Instagram sahifasida “Manchester Siti” futbolchilari bilan tushgan suratlarini joylashtirdi.
- Biz “Manchester Siti”ning mashg‘ulot bazasiga tashrif buyurdik! Ajoyib sayohat uchun klubga katta rahmat!”, - deb yozdi Bahodir Jalolov ijtimoiy tarmoqdagi posti ostiga.
32 yoshli Bahodir Jalolov hozirgacha professional faoliyatida biror marta mag‘lubiyatga uchramagan va uning bugungi kundagi asosiy maqsadi professional bokschi sifatida ham jahon chempionligini qo‘lga kiritishdan iborat.