Evropaning bir qator mamlakatlarida turmush qiymatining oshishi, ta’lim sohasidagi muammolar va hukumat siyosatiga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Italiya, Belgiya va Albaniyada namoyishlar polisiya bilan to‘qnashuvlarga aylangan bo‘lsa, Fransiyaning bir nechta shahrida ommaviy chiqishlar yong‘inlar va talon-torojlar bilan kechgan tartibsizliklarga olib keldi.
Italiya. Milan va Bolonya shaharlarida namoyishchilar, jumladan, narxlar oshishiga qarshi chiqib, polisiyaga tosh va petardalar otgan. Milanda ayrim guruhlar barrikadalarga o‘t qo‘yib, do‘konlarni talon-toroj qilgan. Polisiya namoyishchilarni kuch ishlatib tarqatgan.
Belgiya. Bryussel va Lyej shaharlarida talabalar ta’lim xarajatlarining oshishi va oliy ta’lim olish imkoniyatlarini cheklashi mumkin bo‘lgan islohotlarga qarshi namoyish o‘tkazgan. Bryusselda ayrim ishtirokchilar polisiya xodimlariga shisha idishlar va boshqa buyumlarni otgan. Huquq-tartibot idoralari ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va suv purkagichlardan foydalangan.
Albaniya. Poytaxt Tiranada hukumatga qarshi chiqishlar davom etgan. Minglab yoshlar bosh vazir Edi Rama iste’fosini talab qilib, korrupsiya va ishsizlikka qarshi norozilik bildirgan. To‘qnashuvlar vaqtida ayrim ishtirokchilar polisiyaga tosh va yonuvchi aralashma solingan shishalarni otgan. Polisiya ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz, shovqinli granatalar va suv purkagichlardan foydalangan. Hafta boshida namoyishchilar hukumat binolariga ham o‘t qo‘ygan edi.
Fransiya. Eng yirik tartibsizliklar Fransiyada kuzatilgan. Mamlakat Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 17 oktyabr kuni namoyishlarda taxminan 550 ming kishi ishtirok etgan. CGT kasaba uyushmasi esa ishtirokchilar sonini 800 ming nafar deb baholagan.
Mamlakatning ayrim shaharlarida namoyishchilar binolarga o‘t qo‘ygan, do‘konlarni talon-toroj qilgan va polisiya bilan to‘qnashgan. OAV xabarlariga ko‘ra, qo‘lga olinganlar soni 1200 nafardan oshgan.
Qayd etilishicha, ushbu mamlakatlardagi namoyishlar yagona umumevropa harakati bo‘lmagan va ishtirokchilarning talablari bir-biridan farq qilgan. Biroq ularni turmush xarajatlarining ortishi, davlat xizmatlaridagi muammolar va hukumat qarorlaridan norozilik kabi umumiy omillar birlashtirgan.