Bugun 19 oktyabr, 2026 yil, dushanba

КИР

Germaniyada Fransiyadagi ommaviy tartibsizliklar tarqalishidan xavotir bildirilmoqda

Germaniyada Fransiyadagi ommaviy tartibsizliklar tarqalishidan xavotir bildirilmoqda

Fransiyada polisiya bilan to‘qnashuvlarga aylangan ommaviy namoyishlar Germaniyaga ham tarqalishi mumkin. Bu haqda ekstremizm va migrasiya masalalari bo‘yicha ekspertlar BILD nashriga bergan intervyularida ogohlantirdi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Fransiyadagi namoyishlarda 550 mingdan ortiq kishi ishtirok etgan, taxminan 1800 kishi qo‘lga olingan, 500 nafar polisiya xodimi jarohatlangan. Bir nechta shaharda namoyishchilar do‘konlarni vayron qilib, binolarga o‘t qo‘ygan.

Dastlab, ikki hafta oldin boshlangan namoyishlar maktab o‘quvchilari va talabalarning ta’lim sharoitlari yomonligiga qarshi noroziligi sifatida boshlangan. Biroq ekstremizm bo‘yicha ekspert Ahmad Mansurning fikricha, keyinchalik namoyishlarga radikal guruhlar ham qo‘shilgan.

«Fransiyadagi so‘nggi voqealar haqida gap ketganda, maktab o‘quvchilarining namoyishlari haqidagi gap-so‘zlarning voqelikka hech qanday aloqasi yo‘q. Talabalar namoyishlaridan so‘l radikal va migrantlar guruhlari o‘z maqsadlari yo‘lida foydalanib, ularni o‘z nazoratiga oldi», — dedi u.

Mansur tartibsizliklar Germaniyaga ham ko‘chishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

«Bir necha kundan beri so‘l radikal guruhlar Fransiyada sodir bo‘layotgan voqealarni Germaniyaga ham olib o‘tishga maqsadli ravishda harakat qilmoqda», — deya qo‘shimcha qildi ekspert.

Islomchilik masalalari bo‘yicha ekspert Syuzanna Shryoter ham Germaniyada shunga o‘xshash to‘qnashuvlar yuz berishi mumkin, deb hisoblaydi. U bunday xavflarni migrasiya siyosatidagi muammolar bilan bog‘lagan.

Shu bilan birga, ekspertlar jamiyatdagi norozilikning boshqa sabablari sifatida yashash xarajatlarining oshishi, arzon uy-joy yetishmasligi va iqtisodiy qiyinchiliklarni ham qayd etmoqda.

Tartibsizliklar Fransiyadan tashqarida ham kuzatildi. Jumladan, Italiyaning Milan va Bolonya shaharlarida, shuningdek, Belgiyada ham namoyishlar to‘qnashuvlarga aylangan.

Kiritildi: Bugun 08:23. O'qildi: 308 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!