«Bolalar farovonligiga investisiyalar: kelajak avlodlar uchun barqaror va adolatli taraqqiyot yo‘lida» xalqaro sammiti hamda Bolalar onkologiyasi va gematologiyasi bo‘yicha II xalqaro kongress doirasida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Bosh direktori O‘zbekiston Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyevaga onkologik kasalliklarga chalingan bolalarga tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini rivojlantirishdagi yetakchiligi va har bir bolaning sog‘lom hayot kechirish huquqini global miqyosda ilgari surgani uchun nufuzli xalqaro mukofotni topshirdi.
«Muhtaram Birinchi xonim! Siz butun dunyoda bolalar, ayniqsa, onkologik kasalliklar bilan kurashayotgan bolalar manfaatlari yo‘lida chinakam kurashchi, har bir bolaning ta’lim olish va sog‘lom hayot kechirish huquqining himoyachisisiz», — dedi JSST Bosh direktori Tedros Adanom Gebreyesus.
Mukofot 2019 yilda ta’sis etilgan. U aholi salomatligini muhofaza qilish sohasida aniq natijalar bergan alohida yetakchilik va yuksak yutuqlar uchun beriladi.
Avvalgi yillarda ushbu mukofotga davlatlar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari, Nobel mukofoti sovrindorlari, taniqli olimlar va jamoat arboblari sazovor bo‘lgan. Ular global emlashni rivojlantirish, yuqumli kasalliklarga qarshi kurashish, tibbiy yordamdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va sog‘liqni saqlash sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qo‘shgan hissasi uchun taqdirlangan.