Rossiya armiyasi safida Ukrainaga qarshi urushda qatnashgan va qatnashayotgan Markaziy Osiyo fuqarolari soni 20 400 nafardan oshdi. Ular orasida O‘zbekiston va Tojikiston yetakchi. Ukraina harbiy asirligiga tushgan 59 ta davlat fuqarolari orasida ham yuqoridagi ikki davlat fuqarolari son jihatdan yetakchilik qilmoqda. Ukrainaning “Xochu jit” loyihasi bu haqdagi yangilangan ma’lumotlarni taqdim etdi.
Urushga yollanish uchun shartnoma tuzgan o‘zbekistonliklar soni 2022 yildan buyon ortib bormoqda. Dastlab 12 kishi bilan shartnoma tuzilgan bo‘lsa, joriy yilda (2026 yilning 9 oylik kesimida) 2602 kishi Rossiya Mudofaa vazirligi bilan kelishuvga erishgan. Markaziy Osiyo bo‘yicha 20 437 kishi shartnoma tuzgan, ularning 40 foizdan ortig‘i O‘zbekiston fuqarolari hissasiga to‘g‘ri keladi.
Ma’lum qilinishicha, yollanma askarlar soni bo‘yicha mamlakatlar quyidagicha ketma-ketlikda joylashgan:
◾️ O‘zbekiston 8 207 nafar fuqaro;
◾️ Tojikiston 5 308 nafar fuqaro;
◾️ Qozog‘iston 3 819 nafar fuqaro;
◾️ Qirg‘iziston 2 219 nafar fuqaro;
◾️ Turkmaniston 884 nafar fuqaro.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya urushga 2026 yilda 18 500 nafar xorijlikni yollashni rejalashtirilgan. To‘qqiz oy davomida 16 168 nafar chet ellik Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzgan. “Xochu jit” loyihasi yil yakuniga qadar ko‘rsatkich oshishini prognoz qilmoqda.
Hozirda Ukraina asirligida jami 59 ta davlat fuqarolari bor, ular orasida son jihatdan o‘zbekistonliklar yetakchilik qilmoqda. Keyingi o‘rinlarni Tojikiston, Belarus, Kolumbiya, Qozog‘iston, Ozarboyjon, Qirg‘iziston fuqarolari egallaydi. “Xochu jit” davlatlar kesimida harbiy asirlar sonini oshkor etmadi, ammo hukumatlar ochiq va yopiq muzokaralar olib borganini ma’lum qildi. Ular qatorida Turkmaniston va Qozog‘iston konsulligi ham bor.
Markaziy Osiyo mamlakatlari fuqarolarining aksariyati (32 foiz) Rossiya fuqaroligini olish, qolganlari esa jinoiy ta’qib yoki qamoqdan qutilish maqsadida Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzgan. Afrika davlatlaridan yollanganlarning 39 foizi ish yuzasidan aldanganini bildirgan. Lotin Amerikasi, Osiyo, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadan yollanganlar uchun esa Rossiya fuqaroligini olish shartnoma tuzishning asosiy sabablaridan biri bo‘lgan.
Ukraina asirligidagi Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolarining 82 foizi Rossiyaga qaytish istagini bildirgan. Ular orasida vataniga qaytgach, jinoiy javobgarlikka tortilishidan xavotirlanganlar ham bor. O‘z mamlakatiga qaytishni xohlaganlar esa so‘rovnoma ishtirokchilarining atigi 11 foizini tashkil etgan.