Bugun 8 sentyabr, 2026 yil, seshanba

КИР

O‘zbekiston Biotlon federasiyasiga yangi rais saylandi

O‘zbekiston Biotlon federasiyasiga yangi rais saylandi

Bugun O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashida O‘zbekiston Biotlon federasiyasining hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Matbuot xizmati aniq.uz'ga xabar berdi.

Tadbirda “Vatanparvar” tashkiloti, Sport vazirligi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi, Mudofaa vazirligi Oliy sport natijalarini rivojlantirish markazi, Qishki sport turlari assosiasiyasi va bir qator sport tashkilotlarining vakillari ishtirok etdi.

Konferensiya boshida O‘zbekiston Biotlon federasiyasi raisi o‘rinbosari Anvar Qurbaniyazov 2022 yilda ta’sis etilgan mazkur federasiya tomonidan to‘rt yil davomida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida hisobot berdi.

So‘ngra tashkiliy masalalar, jumladan, federasiya raisi va rais o‘rinbosarlari lavozimlariga nomzodlar ko‘rib chiqildi. Yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan bir ovozdan “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi rahbari Husan Botirov federasiya raisi lavozimiga, Mudofaa vazirligi Oliy sport natijalarini rivojlantirish markazi boshlig‘i Mansur Mamadaminov federasiya raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga va “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi rahbari o‘rinbosari Anvar Qurbaniyazov federasiya raisi o‘rinbosari lavozimiga saylandi.

Konferensiya davomida O‘zbekiston Biotlon federasiyasi raisi Husan Botirov o‘ziga bildirilgan yuksak ishonch uchun delegatlarga minnatdorlik bildirib, federasiyaning istiqboldagi strategik maqsad va rejalari to‘g‘risida ma’lumot berdi. U 2027 yil fevralida Estoniyaning Otepya shahrida biatlon bo‘yicha o‘tkaziladigan Jahon chempionati va 2030 yilda Fransiyaning Alp tog‘larida tashkil etiladigan XXVI Qishki Olimpiya o‘yinlariga o‘zbekistonlik sportchilarning ilk marotaba qatnashishiga jiddiy hozirlik ko‘rilishini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yilning yanvar oyida Adliya vazirligi tomonidan O‘zbekiston Biotlon federasiyasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan edi.

Kiritildi: Bugun 12:45. O'qildi: 204 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!