AQSh prezidenti Donald Tramp Tehron Vashingtonning kelishmovchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha shartlariga rozi bo‘lmasa, Eronga qarshi yangi harbiy operasiya o‘tkazilishi mumkinligini bildirdi.
The Times of Israel nashri xabar berishicha, Amerika yetakchisi bu haqda Florida shtatida o‘z tarafdorlari bilan uchrashuvda so‘zlagan.
Tramp 2025 yil iyun oyida AQSh Qurolli kuchlari tomonidan «Tungi bolg‘a» («Midnight Hammer») operasiyasi o‘tkazilganini eslatdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu operasiya davomida Eronning uranni boyitish ob’ektlari yo‘q qilingan.
Shuningdek, u 2026 yil 28 fevralda boshlangan «Epik g‘azab» («Epic Fury») operasiyasini ham tilga oldi. AQSh prezidentining ta’kidlashicha, ushbu operasiya doirasida boshqa harbiy maqsadlarga ham erishilgan.
Trampning aytishicha, agar Eron rahbariyati «oqilona yo‘l tutganida», Vashington takliflarini jiddiy muhokama qilishga rozi bo‘lgan bo‘lardi.
«Agar ular aqlli bo‘lganida, “Keling, aniq masalalarni muhokama qilishga o‘taylik”, degan bo‘lishardi», — dedi Amerika yetakchisi.
Shu bilan birga, Tramp Tehron bunday qadamga rozi bo‘lishiga shubha bildirgan.