O‘zbekiston aeroportlari 2026 yilning yanvar–sentyabr oylarida 12 million 663 ming nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1 million 457 ming nafar yoki 13 foizga ko‘pdir.
Uzbekistan Airports kompaniyasi ma’lumotiga ko‘ra, to‘qqiz oy davomida mamlakat aeroportlarida 103 mingta aviareysga xizmat ko‘rsatilgan. Parvozlar soni yillik hisobda 10 foizga oshgan.
Yo‘lovchilar oqimi bo‘yicha eng yuqori o‘sish Andijon aeroportida kuzatildi. Bu yerda ko‘rsatkich 8,7 barobarga ko‘payib, 161 ming nafarga yetdi.
Kompaniya mazkur o‘sishni aeroportning 2025 yil 20 martda rekonstruksiyadan so‘ng qayta ochilgani va o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlar nisbatan past bo‘lgani bilan izohladi.
Shuningdek, yo‘lovchilar soni Termizda 48 foizga, Urganchda 18 foizga, Nukusda esa 17 foizga oshdi.
Termiz aeroportidagi o‘sishga Umra dasturi doirasidagi reyslar va Flyadeal aviakompaniyasi qatnovlarining yo‘lga qo‘yilishi ta’sir ko‘rsatgan.