Putin Zelenskiy bilan muzokaralardan hech qachon bosh tortmagan.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan muzokaralar o‘tkazishdan bosh tortmagan.
Bu haqda Rossiya rahbari yordamchisi Yuriy Ushakov «Vesti» axborot dasturi uchun bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, agar Ukraina prezidenti qo‘ng‘iroq qilsa, Rossiya prezidenti unga javob beradi.
«Menimcha, albatta, javob beradi. Putin hech qachon suhbatlashishdan bosh tortmagan», — deya ta’kidlagan Ushakov.
Uning fikricha, Zelenskiy Rossiya rahbari bilan suhbatlashish uchun Moskvaga kelishi mumkin. Ushakovning aytishicha, Ukraina siyosatchisidan turli kanallar orqali muloqotga tayyorlik haqida signallar kelmoqda. U Putin Zelenskiy bilan aloqalardan hech qachon bosh tortmaganini yana bir bor ta’kidlagan.
Ushakov, shuningdek, mojaroni hal qilish bo‘yicha dastlabki uchrashuvlar Rossiya, AQSh va Ukraina ishtirokida o‘tkazilishi kerakligini qayd etgan. Keyinchalik Moskva Yevropa davlatlarini ham muloqotga jalb etish imkoniyatini ko‘rib chiqishga tayyor.
Avvalroq Ukraina prezidenti hududiy masalani Rossiya rahbariyati bilan muhokama qilishga tayyorligini bildirgan edi. Ushbu mavzuni faqat Putin bilan muhokama qilishga tayyorligini, boshqa masalalar esa texnik guruhlar darajasida ko‘rib chiqilishini aytgan.