Yamanda "Ansorulloh" harakati (husiylar) tomonidan asirlikda saqlangan BMT xodimi Muhammad ash-Shomiy vafot etdi.
RIA Novosti xabar berishicha, u BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasining Yamandagi vakolatxonasida faoliyat yuritgan va 2024 yil 6 iyundan buyon husiylar qo‘lida saqlanayotgan edi.
Marhumning yaqinlari bergan ma’lumotga ko‘ra, ash-Shomiy bir oydan ko‘proq vaqt avval vafot etgan, biroq oilasi bu haqda yaqindagina xabar topgan. Uning o‘limi sabablari va tafsilotlari hozircha noma’lum.
"Bu Inson huquqlari bo‘yicha boshqarmamiz va butun Birlashgan Millatlar Tashkiloti uchun og‘ir yo‘qotish", — dedi BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Tyurk.
U marhumning oilasi o‘lim holatlari haqida to‘liq ma’lumot olish huquqiga ega ekanini ta’kidladi.
Tyurk husiylardan voqea yuzasidan shaffoflikni ta’minlash hamda zudlik bilan mustaqil va har tomonlama tergov o‘tkazishni talab qildi.